BMT maxsus maʼruzachisi Fargʻonada
BMT Maxsus maʼruzachisi dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fargʻona viloyati boʻyicha Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishdi
BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan 21-sentyabr kuni Fargʻona viloyatiga tashrif buyurdi.
BMT Maxsus maʼruzachisi dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fargʻona viloyati boʻyicha Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda Diyego Garsiya-Sayan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fargʻona viloyati boʻyicha Xalq qabulxonasi rahbari
R.Mahmudova, viloyat Adliya boshqarmasiboshligʻi B.Hasanov va Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi R.Mamatov bilan muloqotda boʻldi.
BMT Maxsus maʼruzachisi uchrashuv uchun alohida minnatdorchilik bildirdi. “Bunday samarador muassasani ilk bor koʻrib turibman va Xalq qabulxonasi faoliyati menda katta taassurot qoldirdi”, dedi u.
D.Garsiya-Sayan Xalq qabulxonasiga kelib tushadigan murojaatlar soni bilan qiziqdi. Bu murojaatlarning mazmun-mohiyati, xususan, prokuratura va sud tizimlari faoliyati ustidan shikoyatlar qay tarzda oʻrganilishi va ularga qancha muddatda va qanday tartibda amaliy yechimlar topilishi haqida mehmonga atroflicha maʼlumot berildi.
Yuridik xizmatlar uchun haq toʻlashga imkonsiz shaxslar uchun bepul yuridik yordam taqdim etish xizmati yoʻlga qoʻyilgani yuqori baholandi. BMT Maxsus maʼruzachisi qayd etishicha, bunday maqbul tajriba bir qator ilgʻor demokratik davlatlarda mavjud. U advokatlar va professional huquqshunoslarning aynan Xalq qabulxonalari timsolidagi xalqchil muassasalarda yuridik yordam koʻrsatishi har tomonlama maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi.
D. Garsiya-Sayan Xalq qabulxonalari xodimlarining penitensiar muassasalarga tashrif buyurish, shuningdek, mahbuslarning murojaatlarini koʻrib chiqish borasidagi vakolatlari bilan ham qiziqdi. Bundan tashqari Fargʻona viloyatida huquqshunoslar tayyorlaydigan taʼlim muassasalari mavjudligi masalasiga eʼtibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida BMT Maxsus maʼruzachisi “Xalq qabulxonalari – boshqa aksariyat mamlakatlar amaliyotida uchramaydigan tamomila yangi tajriba” ekanini taʼkidladi. “Bunday noyob muassasalar barcha mamlakatlarda tashkil etilishi darkor, chunki ular davlat rahbari bilan xalq oʻrtasida ishonchli muloqot oʻrnatish uchun imkoniyat yaratadi”, dedi D. Garsiya-Sayan pirovardida.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati