BMT: 21 mart – Xalqaro o‘rmonlar kuni
2013 yildan e’tiboran 21 mart sanasi jahon hamjamiyati tomonidan o‘rmonlar kuni sifatida nishonlanib kelinadi.
Sayyoramizdagi yashil tabiat, xususan, o‘rmonlar muhofazasi targ‘iboti yo‘lida 2012 yil 21 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Xalqaro o‘rmonlar kunini nishonlash yuzasidan qaror qabul qilindi. 2013 yildan e’tiboran 21 mart sanasi jahon hamjamiyati tomonidan o‘rmonlar kuni sifatida nishonlanib kelinadi.
Aynan ushbu kunda jahondagi atrof-muhit muhofazasi, o‘rmonlarni saqlab qolish, global iqlim o‘zgarishlari muammolarini bartaraf etish sohasida faoliyat yurituvchi tashkilot va ko‘ngillilar jamoasi o‘zaro fikr va tajriba almashish, mavjud muammolarni hal etish maqsadida birlashadi.
Ma’lumki, yer yuzi quruqligining uchdan bir qismida joylashgan o‘rmonlar, xususan, yashil tabiat insoniyat yashashi uchun muhim ahamiyat kasb etib, atmosferamizdagi toza havo, suv ta’minoti, bio xilma-xillikni saqlab qolishda asosiy vosita hisoblanadi.
Yer yuzi aholisining yarmidan ko‘prog‘i shaharlarda istiqomat qilayotgan hozirgi davrda o‘rmonlar muhofazasi, xususan, noyob o‘simlik turlarini saqlab qolish, yosh avlodni tabiatga oshno etish masalasida qator muammolar yuzaga kelmoqda.
Ushbu sana munosabati bilan BMTning joriy yildagi tadbiri “O‘rmonni sevishni o‘rgan” mavzusida bo‘lib o‘tadi. Tashkilot xabariga ko‘ra, tadbir doirasida “Inson sivilizatsiyasini saqlab qolish va uni qo‘llab-quvvatlashda yashil tabiatning ahamiyati” mavzusida davra suhbati tashkil etiladi. Shuningdek, “O‘rmonni sevishni o‘rgan” mavzusi ostida rasmlar ko‘rgazmasi namoyish etiladi.