Biznesni rivojlantirish banki" rahbariyati Andijonda tadbirkorlar bilan muloqot qildi
Davlatimiz rahbarining 23–24-sentabr kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni samarali yo‘naltirish va bank xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shunga ko‘ra, "Biznesni rivojlantirish banki" ATB Boshqaruvi rahbariyati an’anaviy yondashuvlar bilan cheklanib qolmasdan, mijoz biznesini o‘stirish tamoyili asosida ishlashi boshlab yubordi.
Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida belgilab bergan vazifalarning joylardagi ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligida Markaziy bank, tijorat banklari va viloyat hokimligi rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan muloqotda ham bu ishlar haqida taqdimot o‘tkazildi.


Jumladan, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimotida masalalarni yuqoridan pastga yetkazish emas, balki tadbirkorning bevosita o‘zidan eshitishga urg‘u berilganida bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, tadbirkor uchun bank faqat kredit beruvchi moliyaviy muassasa emas, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi loyihani boshlash, zamonaviy uskuna xarid qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport bozorlariga chiqishda muhim moliyaviy hamkor bo‘lishi kerak.


Muloqot davomida tadbirkorlarning bank sohasiga oid taklif va murojaatlari tinglandi. Muhimi, bunday ochiq muloqotlar orqali hududdagi tadbirkorlik muhitida mavjud masalalarni aniqlash va ularga amaliy yechim topish imkoniyati kengayadi.
Biznesni rivojlantirish banki va tadbirkor o‘rtasidagi muloqotning ochiqligi, moliyaviy xizmatlarning qulayligi va loyihalarga individual yondashuv — iqtisodiy islohotlarning joylardagi amaliy natijasini belgilaydigan muhim omillardan biridir.


Prezident tashrifi davomida belgilangan vazifalarning hududlardagi ijrosi esa bunday muloqotlar orqali aniq maqsad va amaliy choralarga aylanib boradi.

Bank axborot xizmati