Biz O‘zbekistonda baxtiyormiz!
Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida bo‘lib o‘tgan “Yangi yil – orzu-umidlar va ulkan niyatlar bayrami” shiori ostida tantanali tadbirda viloyatdagi milliy madaniy markazlar faollari, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan turli millat vakillari jam bo‘ldi.
Tadbirda viloyatda joriy yil sarhisobi, shu jumladan “Do‘stlik uyi”da birlashgan Qirg‘iz, Tojik, Rus, Koreys milliy madaniy markazlari faoliyati yakunlari tahlil qilindi. Bayram tadbirida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Hotamov, Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev mamlakatimizda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar, balki zaminimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida e’tibor qaratilayotgani to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Darhaqiqat, bag‘rikenglik deb atalmish oddiy so‘z zamirida olam ma’no mujassam. Zotan, bu fazilat har qanday shaxs, millat, jamiyatning ko‘rki va ziynati, ayni chog‘da ma’naviy yuksaklik va ulug‘vorlik belgisidir. Shuning uchun ham “bag‘rikeng o‘zbek xalqi”, “bag‘rikeng O‘zbekiston” iboralarini har gal eshitganimizda qalblarimizni g‘urur va iftixor tuyg‘ulari qamrab oladi. Insonga berilgan eng buyuk ne’mat hayot bo‘lsa, insoniyat intilib kelgan eng ulug‘ maqsadlar bu tinchlik va totuvlikdir.
[gallery-15318]
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 140 dan ortiq milliy-madaniy markazlar hamda 16 ta konfessiya vakillari o‘zaro tinchlik va hamjihatlikda istiqomat qilmoqda. Jumladan, Namangan viloyatida 4 ta milliy-madaniy markaz hamda 4 ta noislomiy diniy tashkilotning faoliyat olib borishi uchun har tomonlama ko‘maklashilayotganligi turli millat vakillarining o‘z ona tili, madaniyati, san’ati, hunarmandchiligi va milliy qadriyatlarini rivojlantirishida muhim o‘rin tutmoqda.
–Men shu muqaddas zaminda tug‘ilib, o‘sganimdan bag‘oyat baxtiyorman. Millatim koreys, O‘zbekistonni ona Vatanim, deb hisoblayman, – deydi viloyat Koreys milliy madaniy markazi faoli Kim Shura. – Qirq yil davomida Namangan viloyati elektr ta’minoti sohasida iqtisodchilik qildim. Farzandlarimni o‘qitdim. Katta farzandim podpolkovnik Yelena Soy bojxona institutida ishlaydi. O‘g‘lim Stanislav Soy esa xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. Hozirda nabiralarim davrasida hayot gashtini surmoqdaman. Yakuniga yetgan 2023 yil hayotimda unutilmas yil bo‘lib qoldi. Prezident farmoyishiga asosan meni “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashdi.
Bayram tadbirida turli millat va elat vakillari madaniyatini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. So‘zga chiqqanlar bag‘rikeng yurtimizdagi tinch-osuda hayot, millatlararo totuvlikni e’tirof etib, ezgu tilaklarni izhor etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.