Biz odam savdosiga qarshimiz!
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida ayni shu mavzuda huquqiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkil qilingan mazkur tadbirda Isfayramsoy, Pakana va Kokilon mahallalarida istiqomat qiluvchi yoshi ulug‘lar, xotin-qizlar va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.
[gallery-24274]
Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi bugun dunyo miqyosida xavfi ortib borayotgan odam savdosining og‘ir va qayg‘uli oqibatlari haqida jamoatchilikni keng xabardor qilish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini yuksaltirishdan iborat. Tadbirda “Adolat” SDP Farg‘ona viloyat Kengashi raisi Shahnoza G‘aniyeva, xalq deputatlari Quvasoy shahar Kengashi deputati Muhsinali Mehmonov, Quvasoy shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Bahodir Tohirov shu haqida so‘z yuritib, ushbu jinoyatning turli, zamonaviy ko‘rinishlari, uning jamiyatga va shaxs taqdiriga yetkazayotgan zarari, uning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
- Odam savdosi - bu faqat noqonuniy mehnat yoki jismoniy ekspluatatsiya emas, balki inson sha’ni va qadrini toptashi, jamiyatdagi ayrim insonlarning ma’naviy qashshoqligini ham anglatadi. Unga qarshi kurashish huquqni muhofaza qiluvchi organlar qatorida butun jamiyatning burchidir, - dedi Shahnoza G‘aniyeva.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga huquqiy maslahatlar berildi, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkalari tashkil etish galdagi muhim vazifa qilib belgilab olindi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA