“Biz ham e’tibordan chetda emasmiz”
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Jizzax shahrida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyat bo‘limi tashabbusi bilan 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni oldidan nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘rtasida sportning shaxmat va shashka turlari bo‘yicha sport bellashuvlari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22 noyabrdagi “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kunini munosib o‘tkazish to‘g‘risida”gi majlis bayonnomasi va unda tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan respublikamizning barcha hududlarida mazkur sana munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy, sport va xayriya tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish borasida mutasaddi tashkilot va idoralarga bir qator vazifalar yuklatilgan.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan “Nogironlar” jamiyati hamda viloyat shaxmat-shashka federatsiyasi hamkorligida nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
– Nogironligi bo‘lgan fuqarolarimizga keyingi yillarda e’tibor ijobiy tomonga keskin o‘zgarganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, – deydi Jizzax shahar, “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 2-guruh nogironi, faxriylar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha musobaqa g‘olibi, 67 yoshli Mavluda opa Qosimova. – Paralimpiyachilarimizning Tokio shahrida erishgan muvaffaqiyatlari e’tirof etilganini ko‘rib bu kabi e’tibordan yig‘lab yubordim.

– Yoshlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha musobaqa g‘olibi bo‘lganimdan juda xursandman, lekin xursandchiligimning asosiy sababi, bu emas, balki, biz kabi imkoniyati cheklanganlar e’tibordan chetda emasligida, – deydi “Toshloq” MFYdan 1-guruh nogironi, 32 yoshli Husan Norqo‘ziyev.
Tadbirda g‘olib, sovrindor, faol ishtirokchilarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA