“Biz giyohvandlikka qarshimiz!”
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 7-aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib etish, yurtdoshlarimizni ommaviy sport turlariga jalb etish, shu orqali xalqimiz salomatligini yaxshilash bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash, shu bilan birga, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandliklikka qarshi kurashishga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Andijon shahrida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shior ostida spartakiada bo‘lib o‘tdi.


Unda viloyat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari xodimlari, shifokorlar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.


Spartakiada davomida ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari, mini futbol, voleybol singari qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar, salomatlikni mustahkamlashga oid suhbat-muloqotlar o‘tkazilib, jamoaviy birdamlik, sog‘lom raqobat va faol turmush tarzi keng targ‘ib etildi.

Spartakiada doirasidagi ommaviy sport tadbirlari aholining jismoniy faolligini oshirishga, salomatligini mustahkamlashga xizmat qildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.