Biz birlashib, katta kuchmiz
7 yoshidan sportning taekvondo turi bilan shug‘ullanib kelayotgan Jasurbek Jaysunov poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 209-umumta’lim maktabida tahsil oladi. 15 yoshli bu yigit besh karra O‘zbekiston chempioni, o‘tgan yili Janubiy Koreyada o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi ochiq chempionatda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
7 yoshidan sportning taekvondo turi bilan shug‘ullanib kelayotgan Jasurbek Jaysunov poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 209-umumta’lim maktabida tahsil oladi. 15 yoshli bu yigit besh karra O‘zbekiston chempioni, o‘tgan yili Janubiy Koreyada o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi ochiq chempionatda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Yaqinda Tailandning Bangkok shahrida 15-17 yoshli o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqada oltin medalga sazovor bo‘ldi.“Turkiston” saroyida “Birlashib, biz katta kuchmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Jasurbek singari ta’lim, madaniyat, san’at va sport sohalarida yuksak marralarga erishib, mamlakatimiz shuhratini yoyishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yoshlar faoliyati tengdoshlariga o‘rnak qilib ko‘rsatildi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi, shahar xalq ta’limi hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda pedagoglar, psixologlar, ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar, yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori F.Ma’sudov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi raisi A.Jumaboyev va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yigit-qizlarning intellektual saviyasini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar” festivali, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Ajdodlar merosi – kelajak poydevori”, “Huquq bilimdonlari”, “Mening biznes g‘oyam” va “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovlari, “Kamolot” shaxmat taxtasi», futbol bo‘yicha “Kamolot kubogi» musobaqalari, “Yurt kelajagi”, “Har bir yoshga bir nihol” aksiyalari kabi qator loyihalar o‘g‘il-qizlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirib, ularning manfaatlarini himoya qilish, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar, diniy ekstremizm va aqidaparastlikning oldini olish, ular bilan yaqindan muloqot qilish, o‘quvchilar intizomini, davomatini qat’iy tartibga keltirish, yoshlarni turli axborot xurujlaridan asrash borasidagi ishlar tahlil etildi.
– Umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlarida o‘tkazilgan “Davomat” tadbirlarida darsga kelmaydigan, xulqi, yurish-turishi talabga javob bermaydigan yoshlar va ularning ota-onalari bilan alohida shug‘ullanamiz, – deydi Yashnobod tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi profilaktika inspektori Sevara Sa’dullaeva. – Bunda bizga mahalla va ta’lim muassasasi hamkorligi qo‘l keladi. Eng avvalo, voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi, mahalla fuqarolar yig‘ini, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda huquqbuzarlik sodir etgan har bir bolaning yashash sharoiti, oilaviy muhiti sinchiklab o‘rganilmoqda. Har payshanba kunlari o‘tkazilayotgan profilaktika kunida yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq ko‘plab muammo va kamchiliklar hal etilmoqda.
Tadbirda "Tengdoshim yutuqlari" nomli ko‘rgazma tashkil etildi. "Barkamol avlod" bolalar ijodiyoti o‘quvchilarining ijod namunalari namoyish qilindi.