Biz bilgan va bilmagan Germaniya
Germaniya - tabiati goʻzal va qiziqarli shaharlarga boy mamlakat. Bu mamlakat iqtisodiyoti Yevropadagi eng kuchli boʻlib, jahonda beshinchi oʻrinda turadi
Germaniya - tabiati goʻzal va qiziqarli shaharlarga boy mamlakat. Bu mamlakat iqtisodiyoti Yevropadagi eng kuchli boʻlib, jahonda beshinchi oʻrinda turadi. 2017 yilda Germaniya YAIP 3,685 trillion AQSH dollar (aholi jon boshiga 44 550 dollar)ni tashkil qildi. Aynan Germaniyada olmashumul ilmiy kashfiyotlar amalga oshirilgan: bu mamlaktda ilm-fan azaldan rivojlanib kelgan.
Germaniya oʻzining goʻzal va turli-tuman tabiati bilan kishini oʻziga rom qiladi. Shimoliy va Boltiq dengizlari sohillaridagi qumli plyajlar sayyohlarni oʻziga chorlaydi. Oʻrmonlar, oʻrta asrlarga oid qasrlar asrlardan beri shoirlarga ilhom bagʻishlab kelgan. Baland togʻlar va tiniq koʻllar ham Germaniya timsollaridan hisoblanadi.
Hududi 357 408,74 km²ni tashkil qiluvchi Germaniya aholisi 82 milliondan oshib ketgan boʻlib Yevropadagi aholisi eng zichmamlakatlardan biri hisoblanadi. Aholisi soni boʻyicha jahonda 17- oʻrinda, Yevropada 2-oʻrinda turadi. Mamlakat aholisining yarmidan koʻpi 76 ta shaharda istiqomat qiladi. Eng yirik shaharlari sifatida Berlin (3,3 mln), Gamburg (1,7 mln) va Myunxen (1,3 million) hisoblanadi. Germaniyadagi har bir shahar-(u katta boʻladimi, yokikichik, qadimiy boʻladimi yoki zamonaviy) oʻzining boy tarixi bilan faxrlana oladi. Koʻplab shaharlarda oʻrta asr devorlari bilan oʻralgan tarixiy markazlar yaxshi saqlanib qolgan.
Germaniya Federativ Respublikasi– parlament demokratiyasi qaror topgan davlatdir. 1949 yilda qabul qilingan konstitutsiyasi inson xuquqlarini, diniy erkinlikni, soʻz erkinligini va qonun oldida barcha fuqorolarning tenglgini kafolatlaydi. 1990 yilning oktyarida Sharqiy (GDR) va Gʻarbiy (GFR) Germaniya birlashganidan keyin mamlakat poytaxti sifatida Berlin shahri tanlandi.
Germaniya 16 ta federal oʻlkadan tashkil topgan, ularning har biri qandaydir, masalan madaniyatva taʼlim sohasida masalanihal qilishda maʼlum darajada siyosiy erkinliklardan foydalanadi. Germaniyada taʼlim tizimi markazlashtirilmagan: barcha 16 ta federal oʻlka oliy taʼlim sohasida oʻzining qonun va normativ hujjatlariga ega. Nemis universitetlari ham mustaqildir, shu sababli bu oliy taʼlim dargohlarining oʻzidan taʼlim shartlari va qabul talablarini olish kerak boʻladi.
Germaniya iqtisodi jahonda yetakchi oʻrinlarda turadi. Mamlakat asosan elektrotexnika, mashinasozlik, avtomobil sanoati, ekologiya sohasidagi texnologiyalar, farmatsevtika va kimyo sanoati mahsulotlarini eksport qiladi. „Made in Germany“ (“Germaniyada ishlangan”) – umumeʼtirof etilgan sifat belgisidir: jahonda Mercedes, BMW, Audi, Bayer, Siemens brendlari ancha mashhur.
Innovatsion gʻoyalar Germaniya taraqqiyotining dvigateli hisoblanadi. Aynan Germaniya koʻplab kashfiyotlarning vatani sanaladi. Masalan, avtomobillar va xavfsizlik yostiqchalari, rentgen va aspirin, kompyuterlar, chiplar va MP3 formati Germaniyada yaratilgan. Fan va tadqiqotlar qadimiy anana boʻlib, ularning nufuzi hamon yuqori. Ilk universitet 1386 yilda Geydelberg shahrida tashkil etilgan. Nobel mukofoti sohiblari boʻyicha Germaniya oldingi oʻrinlarda turadi. Birgina tabiiy fanlar va tibbiyot sohasida 70 nafar germaniyalik Nobel mukofotini olgan. Ular orasida Vilgelm Konrad Ryontgen, Robert Kox, Maks Plank, Albert Eynshteyn, Kristiana Nyuslyayn-Folxard va Xarald sur Xauzenlar bor.
Germaniya shoirlar va mutafakkirlar vatani deya tan olingan. Chunki bu yurtda Kant, Gegel, Adorno, Gyote, Geyne, Brext, Bax, Betxoven, Brams va boshqalar tavallud topgan. Zamonaviy nemis dizaynerlari, rassomlari, aktyorlari, musiqachilari va sportchilarining nomi dunyoga mashhur.
Qadimiy germanlar haqidagi ilk maʼlumotlar qadimiy yunon va rimliklarning asarlarida tilga olib oʻtilgan. Germanlar haqida birinchi maʼlumot 98 yilda berilgan ekan. Bu maʼlumot Rim solnomachisi Tatsit (Tacitus)ga taalluqlidir. “Germaniya” nomi qadimgi davrlardagi mualliflarning asarlarida qayd qilinganlotincha “Germania”dan kelib chiqqan “Germanlar” (lotincha Germanus) atamasi ilk bor Yuliy Sezar tomonidan “Gall urushi yozuvlari” asarida Reyn ortida istiqomat qiluvchi xalqlar borasida maʼlumot berilganida tilga olingan. Tahlilchilarning fikricha, aslida bu soʻz lotincha emas, balki ildizi keltlarning “gair” (“qoʻshni”) soʻziga borib taqaladi.
Aslida nemis tilida davlat “Deutschland” deb ataladi. “Deutsch” soʻzining maʼnosi nemis tilida “xalqqa oid” degan maʼnoni anglatadi, hamda qadimgi zamonlarda birinchi navbatda tilni nazarda tutgan edi. “Land” esa “oʻlka, mamlakat” degan maʼnoni beradi. Mamlakat nomining zamonaviy shakli XV asrdan beri qoʻllab kelinadi.
“Nemis” etnonimi ruscha “nemoy” (“gung”) degan maʼnoni anglatadi. Chunki qadimgi Rus davlatida rus tilini bilmaydigan yoki yaxshi gapira olmaydigan barcha xorijliklarni “gung” deb atashgan.
Hozirgi Germaniya hududlari Muqaddas Rim imperiyasi tarkibidagi nemis davlat birlashmalariga kirgan.
Rim imperiyasi parokanda boʻlganidan keyin Gʻarbiy Yevropada Frank davlati paydo boʻladi, oradan uch asr oʻtib bu davlat Buyuk Karl hukmronligi davrida imperiyaga aylanadi. Biroq bu imperiya uzoq hukmronlik qilmadi, Buyuk Karlning nabiralari davlatni boʻlib tashlagan holda boshqarishga oʻtishgani oqibatida uchta qirollik — Gʻarbiy Frank (keyinchlik Fransiya), Sharqiy Frank (keyinchalik Germaniya) va Oʻrta qirollik (keyinchalik Italiya) paydo boʻladi.
German davlati tashkil topgan sana sifatida 962 yilning 2 fevrali tan olinadi. Oʻsha kuni sharqiy Frank qiroli Otton I Rimda toj kiyadi va Muqaddas Rim imperiyasining imperatori deya eʼlon qilinadi; bu imperiya oʻlkalarning (nemischa Land) konfederatsiyasidan iborat edi. Har bir oʻlka oʻz armiyasiga ega boʻlib, oʻzining tangalarini zarb qilardi. Muqaddas Rim imperiyasi tepasida oʻlkalarning manffaatlarni himoya qiluvchi Kurfyurst (Kurfürst)lar kengashi tomonidan saylanadigan imperator turardi. Kurfyurstlar Kengashi Reyxstag (Reichstag) deb atalardi. Bu qoida Napoleon I bosimi ostida Muqaddas Rim imperiyasi faoliyatitoʻxtatilgan 1806 yilgacha davom etdi. Shundan soʻng nemis davlatlarining soni kamayib, mustaqil oʻlkalardan iborat konfederatsiya koʻrinishidagi Reyn Ittifoqi tuzildi. Vena kongressi nemis davlatlarning birlashishiga omil boʻldi, buning natijasida 38 ta german davlatlari ishtirokida German Ittifoqi tuzildi, bu ittifoq ham mustaqil oʻlkalarning konfederatsiyaligicha qoldi. German Ittifoqini Federal Prezident boshqarardi.
1866 yil 10 avgust kuni Shimoliy German Ittifoqi tuzildi. 1867 yilda konstitutsiya qabul qilindi, unga koʻra oʻlkalar rahbarlaridan tashkil topgan Federal Kengash (Bundesrat), va halq tomonidan saylanadigan Reyxstag (Reichstag) tashkil etildi.
1870 yilning 10 dekabrida reyxstag Shimoliy German Ittifoqini German imperiyasiga (Deutsches Reich) aylantirish borasida qaror qabul qildi. Germaniya kansleri etib graf Otto fon Bismark saylandi. Siyosiy partiyalar - Germaniya Sotsialistik Ishchi partiyasi, Liberal Nemis progressiv partiyasi, Milliy-liberal partiya, konservativ Nemis markaz partiyasi va Nemis konservativ partiyasi paydo boʻldi.
1990 yilning 3 oktyabr kuni Germaniya Demokratik Respublikasi va Gʻarbiy Berlin Germaniya Federativ Respublikasi tarkibiga kiritildi.
Germaniya davlat tuzilmasiga koʻra federativ hisoblanadi, uning tarkibida 16 ta maʼmuriy-hududiy birlashma - federal oʻlkalar (Bavariya, Baden-Vyurtemberg, Berlin, Brandenburg, Bremen, Gamburg, Gessen, Meklenburg-Perednyaya Pomeraniya, Quyi Saksoniya, Reynland-Pfals, Saar, Saksoniya, Saksoniya-Anxalt, Shimoliy Reyn — Vestfaliya, Tyuringiya, Shlezvig-Golshteyn) bor. Davlat boshqaruvi — parlament respublikasi. GFR Federal kansleri lavozimini 2005 yil 22 noyabridan beri Angela Merkel (XDS) egallab keladi, 2017 yilning 19 mart kuni GFR Federal prezidenti lavozimini Frank-Valter Shtaynmayer (GSDP) bajarishga kirishdi.