Bitiruvchilarning ishonchli qadamlari
Jizzax viloyatidagi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseyida bitiruvchilarga diplom topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu yil akademik litseyni bu yil 156 nafar o‘quvchi tamomladi. Ularning aksariyati zamonaviy bilim va milliy sertifikatlarga ega bo‘lgani, ayrimlari esa oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin qabul qilingani mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Ushbu tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, litsey pedagoglari, ota-onalar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yosh avlodni bilimli, vatanparvar va raqobatbardosh kadrlar etib tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtalib, bitiruvchilarga kelgusi o‘qish va mehnat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi.
barchasi axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallagan. Shuningdek, 137 nafar bitiruvchi ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy sertifikatga, 147 nafari esa turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi.

Bu ko‘rsatkichlar ta’lim jarayonida nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, yoshlarni xalqaro va milliy talablarga mos tayyorlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
Quvonarlisi, uch nafar bitiruvchi o‘zining yuqori natijalari va erishgan yutuqlari tufayli imtiyoz asosida oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin qabul qilindi. Bu esa litseyda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilgan imkoniyatlar amalda o‘z ifodasini topayotganidan dalolat beradi.

Ta’kidlash joizki, ichki ishlar organlari uchun zamonaviy bilim va yuksak ma’naviyatga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustda qabul qilingan “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimiz hududlarida Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari tashkil etilgan edi. Mazkur qaror yoshlarni kasbiy jihatdan puxta tayyorlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘usi va yuksak mas’uliyat hissini shakllantirishning mustahkam huquqiy poydevorini yaratdi.
Bugun ana shu ezgu maqsadlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Jizzax akademik litseyi bitiruvchilarining bilim darajasi, sertifikatlarga egaligi va oliy ta’limga yo‘l ochayotgan yutuqlari mamlakatimizda ta’lim sifati va inson kapitaliga qaratilgan e’tiborning muhim samaralaridan biridir.

Tantanali tadbirda bitiruvchilarga diplomlar topshirildi. Yoshlar ustozlar va ota-onalarga minnatdorlik bildirib, kelgusida egallagan bilim va tajribalarini Vatan ravnaqi, yurt tinchligi hamda xalq farovonligi yo‘lida safarbar etishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri