Bitiruvchilarining bandligi qanday ta’minlanmoqda?
Senat yalpi majlisida ijtimoiy sohaga ixtisoslashgan davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash chora-tadbirlari ijrosi muhokama qilindi.
Ijtimoiy sohaga ixtisoslashgan 38 oliy ta’lim muassasasining 49,2 ming bitiruvchisi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni monitoring qilib borish maqsadida Senat kengashining tegishli qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan bitiruvchilarning bandligini ta’minlash ishlarini tashkil etishga doir manzilli chora-tadbirlar belgilangan. Ularni amalga oshirish va nazorat qilish bo‘yicha respublika, viloyat hamda tuman va shaharlar kesimida ishchi guruhlar tuzilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda mas’ul respublika ijro organlari bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini hududlar kesimida manzilli monitoring qilish platformasi (daw.ihma.uz, my.ihma.uz) ishga tushirilib, unga 49,2 ming bitiruvchining ma’lumotlari kiritilgan.
Senatga biriktirilgan 38 oliy ta’lim muassasalaridagi “Karera markazlari” bilan tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik doirasida bitiruvchilarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan suhbatlar o‘tkazilgan va ish bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida muloqotlar tashkil etish bo‘yicha reja-jadvallar tasdiqlanib, respublikaning barcha hududlarida yoshlarni munosib ish o‘rinlariga joylashtirish maqsadida bitiruvchilar hamda ish beruvchilar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish maqsadida mahallalarda 300 ga yaqin mehnat yarmarkalari tashkil etilgan.
Bitiruvchilarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratish maqsadida tijorat banklari tomonidan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 890 nafar bitiruvchiga 44 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.
Senatorlar bitiruvchilarning bandligini ta’minlash davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlab, qayd etilgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan mas’ul vazirlik hamda idoralarga tegishli taklif va tavsiyalar berdi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan va aniq muddatlari hamda ijro uchun mas’ullar belgilab qo‘yilgan tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA