Bitiruvchilar Yangi O‘zbekistonning ertangi kunini yaratuvchilardir
Jizzax viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri ko‘tarinki ruh, yuksak hayajon va ezgu orzu-intilishlar og‘ushida o‘tdi.
Ertalab soat 08:00 da Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlangan bayram tadbirlari Jizzax televideniyesi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda namoyish etildi. Bu nafaqat bitiruvchilar, balki ustoz-murabbiylar, ota-onalar va keng jamoatchilik uchun ham unutilmas va g‘ururli lahzalarga aylandi.
Jizzax shahridagi “Kiberarena” majmuasida tashkil etilgan markaziy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bitiruvchilarga yo‘llagan samimiy tabrigi viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan o‘qib eshittirildi. Davlat rahbarining har bir so‘zida Yangi O‘zbekistonning tayanchi bo‘lgan yosh avlodga yuksak ishonch, cheksiz mehr va ulkan umid mujassam edi.
Darhaqiqat, bu yil Jizzax viloyati maktablarini 44 ming 653 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. Shundan 25 ming 78 nafari 9-sinf, 19 ming 575 nafari esa 11-sinf o‘quvchilaridir. Bu raqamlar oddiy statistika emas. Bu — Yangi O‘zbekistonning ertangi kunini yaratadigan, mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ulkan intellektual va ma’naviy salohiyat ifodasidir.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bitiruvchilar soni bo‘yicha Jizzax shahri yetakchilik qilmoqda. Xususan, shaharda 4 ming 90 nafar 9-sinf va 3 ming 320 nafar 11-sinf o‘quvchisi mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘ymoqda. G‘allaorol, Zomin va Sharof Rashidov tumanlari ham bitiruvchilar soni bo‘yicha viloyatning yirik hududlari sifatida qayd etildi.
Viloyatda bilimli, iqtidorli va intilishdan to‘xtamaydigan yoshlar safining kengayib borayotgani medal olgan bitiruvchilar misolida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Joriy yilda 223 nafar o‘quvchi oltin, 54 nafar bitiruvchi esa kumush medal sohibi bo‘ldi. Bu — ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar, ustozlarning fidokorona mehnati va ota-onalarning yuksak e’tibori samarasidir.
Ayniqsa, Jizzax shahrida 71 nafar oltin va 12 nafar kumush medal sohibining voyaga yetgani vohada ta’lim muhiti yil sayin yuksalib borayotganini ko‘rsatadi. G‘allaorol, Sharof Rashidov va Zomin tumanlarida ham yuqori natijalar qayd etildi. Bu esa hududlarda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi va iqtidorini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi.
[gallery-29628]
Tadbir doirasida viloyat bo‘yicha 300 dan ortiq iqtidorli o‘quvchiga imtiyoz asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingani munosabati bilan hokimlikning tabrigi va esdalik sovg‘alari topshirildi. Namunali xulqi, yuksak bilimi va faolligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan yoshlarga alohida ehtirom ko‘rsatildi.
Prezidentimiz o‘z tabrigida "Mehnat bozori endi, avvalo, “hujjat” emas, amaliy bilim, malaka va natija so‘rayapti” deya ta’kidlagab o‘tdi.
Bu fikrlar Jizzax yoshlari uchun ham muhim hayotiy dasturga aylanmoqda. Bugun viloyat maktablarini tamomlayotgan minglab yoshlar orasida ertangi muhandislar, IT mutaxassislari, olimlar, tadbirkorlar va Vatan taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan yetakchilar kamol topayotgani shubhasiz.
Onlayn translyatsiya yakunlanganidan so‘ng “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari shahar va tumanlardagi barcha maktablarda davom ettirildi. Quvonch va hayajonga to‘la onlarda bitiruvchilar ustozlariga minnatdorlik bildirdi, bolalikning beg‘ubor va unutilmas damlari bilan xayrlashdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari