Bishkekda SHHTga a’zo davlatlar tahliliy markazlari forumi bo‘lib o‘tdi
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tahliliy markazlari forumi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti tomonidan tashkil etilgan tadbir SHHTning 25 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.


Anjumanda tashkilotga a’zo davlatlar tahliliy markazlari rahbarlari va ilmiy doiralari vakillari, mahalliy rasmiylar, shuningdek Bishkekdagi diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilar yuqori darajadagi yalpi majlis hamda turli mavzulardagi to‘rtta sho‘’ba yig‘ilishida global beqarorlik sharoitida SHHT maydoni xavfsizligi va barqarorligi, iqtisodiy integratsiya, transport-raqamli bog‘liqlik, umumiy intellektual makonni shakllantirish, tog‘li hududlarni rivojlantirish, shuningdek xalqaro munosabatlar transformatsiyasi sharoitida tuzilma tahliliy markazlari rolini oshirish masalalarini muhokama qildilar.


Forumning ochilishida Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov so‘zga chiqib, mintaqaviy hamkorlikning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari hamda SHHT+ formatidagi ekspertlararo hamkorlikning joriy holatiga to‘xtaldi. Shuningdek, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona tartib-taomilini soddalashtirish, biznes vakillarini umumiy loyihalarga faol jalb qilish, shuningdek tashkilotning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi maqsadlari bilan uyg‘unligini mustahkamlash mavzulariga e’tibor qaratdi.
Tadbir yakunida Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatini takomillashtirish, tuzilmaning strategik salohiyatidan yanada samarali foydalanishga yo‘naltirilgan amaliy takliflar ishlab chiqish hamda ekspertlar muloqotini yanada chuqurlashtirish zarurligi bir ovozdan tasdiqlandi.


G‘.Xonnazarov, O‘zA