Bishkekda O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari namoyish etilmoqda
Shu kunlarda Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida o‘tkazilayotgan “Ala-Too Trade & Industry Expo” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari ham faol ishtirok etmoqda. Bu haqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir sanoat sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Ko‘rgazmada a’zo davlatlar hukumatlari vakillari, ishlab chiqaruvchilar, investorlar hamda biznes doiralari ishtirok etyapti.

Tadbir doirasida “Made in Uzbekistan” milliy brendi ostida ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika mahsulotlari xalqaro hamkorlar va soha mutaxassislariga taqdim etilmoqda. Bu mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini namoyon etish va tashqi bozorlardagi ishtirokini kengaytirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan kabel-sim mahsulotlari, maishiy texnika vositalari, elektr jihozlari, butlovchi qismlar hamda boshqa istiqbolli mahsulotlar o‘rin olgan. Namoyish etilayotgan mahsulotlar ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilarning katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, ko‘rgazma davomida soha korxonalari va xorijiy hamkorlar o‘rtasida qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilib, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinyapti.
Eslatib o‘tamiz, “Ala-Too Trade & Industry Expo” xalqaro ko‘rgazmasi 6-iyun kuni o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA