Birovning miyasi bilan yashab bo‘lmaydi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda mualliflik huquqi dolzarb mavzuligicha qolmoqda. Kimningdir maqolasi, kimningdir she’ri, yana kimningdir hikoyasi «o‘g‘irlangan». Hatto suratlar, postlar ham muallif ko‘rsatilmagan holda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda...
– Inson qanday qilib birovning miyasi bilan yashashi mumkin, – deydi jurnalist Hakim Sattoriy. – Boshqaning ijodiy mahsulotini ko‘chirib olib tagiga o‘zini imzosini qo‘yish, men o‘zganing miyasi bilan yashayman, deganday gap men uchun. Keyin yana bir qiziq holat bor. O‘zi bor yo‘g‘i ikki uch sahifalik maqolaga ikki uchta muallif ko‘rsatiladi. Qanday qilib shundog‘am mazmuni, mohiyati abgor holda bo‘lgan maqolani uchta kishi o‘tirvolib yozgan bo‘lsa, deb o‘ylab qolasan kishi.
O‘zbekiston qonunchiligida mualliflik huquqlarini buzgan shaxsga tegishli tartibda chora ko‘rsatilgan. Ammo bu, illatning kamayishiga asos bo‘ladi degani emas. Qotilga o‘lim jazosi berilsa ham jamiyatda qotilliklar kamayishiga hech kim kafolat bermaydi.
– Mualliflik huquqi toptalishi odatiy holga aylanib qolyapti, – deydi shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev. – Buni jonli misoli sifatida guvohi bo‘lganman. Men ham ayni kunda mualliflik huquqlarimni talab qilib yuribman. Ayni kunda sud o‘z hukmini chiqardi. Ammo ikkinchi tomon bilan murosaga kelish qiyin bo‘lyapti. Ijod ahli o‘zi yozgan ijod mahsulotlarini ko‘z qorachig‘ingizdek asrashi kerak. Undan boshqalar foyda ko‘rmasin.
Ayrim hollarda mualliflik huquqi buzilishi kuzatilsa ham muallif bunga e’tiborsiz bo‘ladi. Lekin bu dunyodagi har bir narsaning egasi bor.
– Insonning intellektual salohiyatini o‘zlashtirish o‘quvchilarga bo‘lgan hurmatsizlikdir, – deydi adabiyotshunos olima Nilufar Tosheva. – Bir she’r ikki inson nomidan, bir maqola ikki odam nomidan hatto kitoblar turli mualliflar nomidan chop etilsa, odamlarning so‘zga bo‘lgan hurmati susayadi. Ijod ahliga ko‘chirmachi, degan laqab yarashmaydi. So‘zni va o‘zini hurmat qilgan inson, albatta o‘zgalarning ijod mahsulini o‘zlashtirish haqida o‘ylamaydi. Ko‘proq badiiy asarlar o‘qib, dunyoqarashini kengaytirib, ijod qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlar shundog‘am muallifsiz postlaru, muallifsiz suratlarga to‘lib ketgan davrda yashayapmiz. Yillar o‘tib, aniqlashning imkoni bo‘lmagan, muallifi noma’lum asarlar ro‘yxati cho‘zilib ketmasin. Asarlaringizni o‘zingiz asrang.
D. Mamatova, O‘zA