Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli
24-25-iyul kunlari Samarqand shahrida yurtimiz tarixida ilk bor Birodar shaharlar xalqaro forumi o‘tkazilmoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, Birodar shaharlar alyansi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 20 ga yaqin xorijiy mamlakatdan ekspert va mutaxassislar, shahar ma’muriyatlari mas’ullari, O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar elchixonalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari ishtirok etmoqda.
Forum “Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bilan o‘z ishini boshladi.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev va boshqalar so‘zga chiqib, yurtimizda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur xalqaro forum yurtimiz hududlarining dunyoning turli shaharlari bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, turizm va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
[gallery-30559]
– Bugungi kunda shaharlar iqtisodiy taraqqiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, turizm va madaniy almashinuvning muhim markazlariga aylanmoqda, – dedi Qahramon Sariyev. – Jumladan, mamlakatimizning poytaxti, shu bilan birga yirik tarixiy shaharlar, viloyatlar markazlari dunyoga mashhur shaharlar, yirik megapolislar bilan birodarlashuv munosabatlarini yo‘lga qo‘yib, barqaror rivojlanish yo‘liga tushmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi shaharlar dunyoning turli mintaqalaridagi 88 shahar bilan birodarlik kelishuvlariga erishib, yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Yaqin yillarda bu raqamni 150 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Yurtimizda ilk bor tashkil etilgan birodar shaharlar forumi ham ana shu maqsad yo‘lidagi harakatlarimizning bir ko‘rinishi sifatida O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning birodar shaharlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, xalq diplomatiyasi tamoyillari asosida madaniy-gumanitar, iqtisodiy, ta’lim, ilm-fan, turizm va innovatsiya yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Anjuman yalpi majlisida Yaponiyaning Nara shahri meri Motonobu Nakagava, Turkmanistonning Ashxobod shahri meri Rahim Gandimov, Ozarbayjonning Ganja shahri hokimi Niyozi Bayramov, Serbiyaning Belgrad shahri meri o‘rinbosari Vesna Vidovich va boshqalar so‘zga chiqib, Samarqandda o‘tkazilayotgan mazkur tadbir shaharlar o‘rtasida xalq diplomatiyasi asosida do‘stlik, hamjihatlik va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi, o‘zaro tajriba almashish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta’kidladilar.
– Bugungi kunda bizning shahrimiz dunyoga mashhur qadimiy Samarqand bilan birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan, – deydi Nara shahri meri Motonobu Nakagava. – Ammo o‘tmishga qaraydigan bo‘lsak, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar ikki ming yillik tarixga ega ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Arxeologik qazishmalar va tarixiy manbalar xalqlarimiz qadimiy Buyuk ipak yo‘li orqali o‘zaro hamkorlik qilganidan dalolat beradi. Yoki o‘tgan asrning o‘rtalarida minglab yaponlar Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarda yirik qurilish ob’ektlarida ishlagan. Shaharlarimizning yaqin hamkorligi ana shu tarixiy munosabatlarni yanada rivojlantirish va yangi bosqichda davom ettirish, ta’lim, madaniyat, turizm sohalaridagi aloqalarimizni mustahkamlashga katta turtki beradi. Shuning uchun ham ushbu forumga katta ishtiyoq bilan keldim.
Konferensiya uch tematik sessiyada o‘z ishini davom ettirdi. Jumladan, “Birodar shaharlar va hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlik” mavzusidagi sessiya doirasida birodar shaharlar va hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar shaharlar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha fikr-mulohaza almashdilar.
“Birodar shaharlararo fan-ta’lim, texnologiya va innovatsiyalar hamkorligining istiqbollari” sessiyasida birodar shaharlar o‘rtasida ilm-fan, ta’lim, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Sessiya davomida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va innovatsion tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish hamda yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga kelishib olindi. Shuningdek, “aqlli shahar” texnologiyalari, zamonaviy boshqaruv tizimlari, ekologik innovatsiyalar va raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha xalqaro tajriba almashinuvi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Turizm – global birodar shaharlar tarmog‘ini rivojlantirishning strategik vositasi” nomli sessiyada turizm sohasi birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish va xalq diplomatiyasi imkoniyatlarini kengaytirishning muhim yo‘nalishi sifatida muhokama qilindi. Mazkur sessiya doirasida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, turizm salohiyati va zamonaviy turizm imkoniyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijiy shaharlar bilan qo‘shma turistik loyihalarni amalga oshirish hamda yangi yo‘nalishlarni shakllantirish masalalari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Konferensiyada muhokama etilgan masalalar yakuni bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilindi. Ishtirokchilar “Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalq diplomatiyasi imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro tajriba almashinuvini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladilar.
Forum doirasida B2B va B2G uchrashuvlari, investitsiya taqdimotlari, ko‘rgazmalar hamda hamkorlik bitimlarini imzolash marosimlari o‘tkazildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari