Birja va Sankt-Peterburg davlat universiteti filiali hamkorlik memorandumini imzoladi
“O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ boshqaruvi raisi Asadulla Qayumov Toshkent shahridagi Sankt-Peterburg davlat universiteti filiali talaba-yoshlari bilan uchrashdi.
Unda yoshlarning kasbiy rivojlanishi, ularni mehnat bozori talablariga mos tayyorlash hamda amaliyot bilan nazariya uyg‘unligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida bitiruvchi talabalar uchun ish o‘rinlarini kengaytirish, ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va istiqbolli kadrlarni aniqlashning samarali mexanizmlari xususida fikr almashildi. Shuningdek, raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat, davlat xaridlari va birja savdolari sohalaridagi zamonaviy tendensiyalar haqida ma’lumot berildi.

Tadbirning muhim voqealaridan biri “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va Toshkent shahridagi Sankt-Peterburg davlat universiteti filiali o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi bo‘ldi.
Unga ko‘ra, talabalar uchun birja tizimida malakaviy amaliyot va stajirovkalar tashkil etish, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish hamda iqtidorli bitiruvchilarni ishga jalb qilishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, soha mutaxassislari ishtirokida ochiq darslar, seminar va master-klasslar tashkil etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Ta’kidlanganidek, mazkur kelishuv ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, shuningdek, birja tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA