Bir sayyora, ikki quyosh: Koinotda nimalar bo‘lyapti?
Olimlar koinotda ikki yulduz atrofida aylanayotgan yana 27 ta sayyora mavjudligini aytmoqda. Bu faraz mashhur "Star Wars" filmidagi ikki quyoshli Tatuin sayyorasini yodga solmoqda. Bunday ehtimoliy o‘zgarish astronomiyada yangi bosqich sifatida baholanyapti.
Izlanish "University of New South Wales" tadqiqotchisi Margo Tornton boshchiligida olib borildi. Olimlar avvalgidek sayyorani to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish o‘rniga, ikki yulduzning bir-birini to‘sish vaqtidagi kichik o‘zgarishni tahlil qildi. Ana shu deyarli sezilmas siljish orqali ko‘rinmas sayyoralarning tortish kuchini aniqlash mumkin bo‘lgan.
Tadqiqotda NASAning TESS teleskopi ma’lumotlaridan foydalanildi. Olimlar 1 590 ta ikki yulduzli tizimni o‘rganib, 71 holatda tushuntirib bo‘lmaydigan orbital o‘zgarishlarni kuzatgan. Shulardan 27 tasida sayyora mavjud bo‘lishi ehtimoli yuqori deb baholanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, yangi usul ilgari aniqlanmay qolgan minglab sayyoralarni topish imkonini beradi. Bu esa koinotda sayyoralar qanday shakllanishi va ikki yulduzli tizimlarda hayot uchun sharoit mavjud yoki yo‘qligini o‘rganishda muhim qadam hisoblanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA