Bir maktab, bir kasb, o‘n to‘rt yillik yo‘l
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Uzun tumanilik geografiya fani o‘qituvchisi Inomjon Primovning kasbiy yo‘li hududdagi 70-umumta’lim maktabi bilan bog‘liq. U oliy ta’limni tamomlagach, ilk mehnat faoliyatini aynan shu maktabda boshlagan. Bugun esa 14 yillik mehnati samarasi – “Yil o‘qituvchisi” sifatida e’tirof etildi.
Inomjon Primov shifokorlar oilasida voyaga yetgan. Ota-onasi, aka-ukalari va opa-singillarining aksariyati tibbiyot sohasini tanlagan bo‘lsa-da, uning bolalikdagi qiziqishi butunlay boshqa yo‘nalishda edi. Dunyo, tabiat, turli mamlakatlar va geografik kashfiyotlarga bo‘lgan qiziqish uni avvalo geografiya faniga, keyinchalik esa o‘qituvchilik kasbiga yetakladi.
Ilk mehnat faoliyatini boshlagan 70-maktabda hozirga qadar geografiya fanidan o‘qituvchilarga saboq berib keladi.
Bir qarashda 14 yil – shunchaki vaqt o‘lchovi. Ammo ustoz uchun bu yillar yuzlab taqdirlar, minglab darslar va beqiyos mehnat bilan o‘lchanadi.
[gallery-31681]
Ustozning qariyb yuz nafar shogirdi geografiya yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Ayrimlari esa bugun o‘z ustozi izidan borib, pedagog sifatida faoliyat yuritmoqda.
– Men uchun shogirdlarimning har bir yutug‘i eng katta mukofot, - deydi Inomjon Primov. – Ularning orasidan o‘qituvchilar yetishib chiqayotgani esa kasbimning davomiyligini his qildiradi.
Pedagog dars jarayonida zamonaviy va innovatsion metodlardan foydalanishga, o‘quvchilarning geografiyaga bo‘lgan qiziqishini oshirishga alohida e’tibor qaratadi. Uning fikricha, har bir bolaning o‘z qobiliyati bor. Pedagogning vazifasi esa shu qobiliyatni vaqtida ilg‘ash, uni rivojlantirish va o‘quvchini o‘z imkoniyatlariga ishontirishdan iborat.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA