Bir kunda qancha muzqaymoq iste’mol qilish mumkin?
Har kuni ishga ketishimdan oldin 10 yoshli qizim muzqaymoq uchun pul berishimni so‘raydi yoki “ayajon, qaytishingizda, albatta, muzqaymoq olib keli-i-ing”, deb qoladi. Qizimning ra’yini qaytargim kelmaydi. Har kuni bo‘lmasa ham kunora muzqaymoq ko‘tarib kiraman uyga. Iloji boricha 0,5 yoki 1 kilogrammligini olaman “muzxonaga qo‘yib, ko‘ngli ketganida yeb yotishadida” degan o‘y bilan. Ammo yarim kiloligi ham, bir kiloligi ham ikki kunga bormaydi – 2 yoshli qizim ham opasiga sherik bo‘lib, paqqos tushirishadi. Men esa tomoqlari og‘rib qolishidan xavotir bo‘laman...
Aslida yozning jazirama issiq kunlarida muzdekkina suv va yaxna ichimliklar hamda muzqaymoq tanga orom bag‘ishlaydi. Havo harorati ko‘tarilishi bilan organizmimiz, ayniqsa, muzqaymoqlarni tusay boshlaydi. Muzqaymoqni xush ko‘rmaydigan insonning o‘zi bo‘lmasa kerak. Bu mahsulot, ayniqsa, bolajonlarning joni dili, qancha muzqaymoq bo‘lsa ham yo‘q deyishmaydi.
Ammo muzqaymoqni muntazam iste’mol qilish ham yaramaydi, bunda ham me’yor bo‘lishi kerak. Ba’zi ota-onalar bolalari shamollamasligi, tomoq va tishlari og‘rib qolmasligi uchun muzqaymoq deyarli bermaydi. O‘z navbatida, bu ham noto‘g‘ri. Albatta, o‘ziga xos ta’m va mazaga ega muzqaymoqlarning foydali jihatlari ham ko‘p. Muhimi, me’yorni unutmagan holda, belgilangan tartibga amal qilib iste’mol qilinsa, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Ayni issiq kunlarda barchamizning sevimli desertimizga aylangan muzqaymoqning foyda va zarari, me’yori, uni tanlash shartlari haqida valeolog, saplimentolog ekspert Charos Saidova bilan bog‘landik.

– Muzqaymoq – dunyodagi eng ommalashgan shirin desertlardan biri. Diyetologlarning aytishicha, u hatto shokoladdan ham foydaliroq. Ko‘pchilik uchun muzqaymoq nafaqat jaziramada salqinlik beruvchi, balki har qanday ob-havoda yomon kayfiyatdan qutqaruvchi mahsulot hamdir. Muzqaymoq bu borada shokolad bilan bahs boylasha oladi.
Muzqaymoqni hammamiz sevib iste’mol qilamiz. Ammo uning sifati va me’yori, foydali va zararli jihatlarini ham yodda saqlashimiz lozim. Avvalo, muzqaymoqning foydali jihatlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, me’yorida iste’mol qilingan muzqaymoqdan tishlar, suyaklar mustahkam tortadi. Muzqaymoq tarkibidagi kaliy, magniy, “V” guruhiga kiruvchi vitaminlar yurak faoliyatini yaxshilaydi. Agar muzqaymoq sut, meva, kakao, yong‘oqlardan tayyorlansa, ortiqcha elementlar aralashtirilmasa, organizmning joni dili. Ammo hamma ishlab chiqaruvchilar ham muzqaymoq sifati haqida qayg‘uravermaydi. Ko‘pincha vanil va shakar hisobiga uglevodlar ortiqcha bo‘ladi, muzqaymoq yuqoriroq haroratda o‘z shaklini yo‘qotmasligi uchun unga margarin va o‘simlik yog‘i ham qo‘shishadi. Aynan shular semirishga sabab bo‘ladi. Agar har bir ovqatdan keyin muzqaymoq yeyilsa, yaxshigina semirish mumkin.
– Muzqaymoqning yana qanday zararli tomonlari bor, uning tish va tomoqqa ta’siri qanaqa?
– Ko‘pchilik insonlar muzqaymoqni sut mahsuloti sifatida bilib, uning foydali ekanligiga ishonadi. Ammo uning tarkibida shakar juda ko‘pligi bois, issiq havoda tanaga salbiy ta’sir qiladi. Shakar qo‘shimcha uglevodlardir. Bu esa tanani suvsizlantiradi va ishtaha buzilishiga olib keladi. Har qanday odam tanadagi shakar miqdorini uning kunlik miqdoridan oshmasligi uchun kuzatishi kerak. Muzqaymoq tarkibida inson organizmi uchun zararli moddalar mavjud. Ularni ko‘p iste’mol qilish o‘rganib qolishga olib keladi. Muzqaymoqlar orasida faqat mevalisigina zararlardan xoli. Chunki unga kimyoviy moddalar, aromatizatorlar qo‘shilmaydi.
Ammo ko‘p hollarda kuzatganimda, mevalilari ham juda rangli bo‘ladi. Masalan, bananli muzqaymoqning rangi sariq bo‘ladi. Aslida esa bunday bo‘lmasligi kerak. Muzqaymoqqa banan emas, balki kimyoviy element qo‘shilgani bois sariq rangda chiqadi.
Eng zararli muzqaymoq arzon narxda sotiladiganlari hisoblanadi. Ularga qo‘shiladigan kimyoviy moddalar, o‘simlik yog‘i qondagi xolesterin miqdorini oshiradi. Rang berilgan, kimyoviy elementlar qo‘shilgan, yaroqlilik muddati tugagan turlarini yeb bo‘lmaydi. Iste’molchilar buni hech qachon unutmasliklari lozim.
Muzqaymoq tishlarga zarar yetkazishi, kariyesni qo‘zg‘atishi mumkin. Shuning uchun har iste’moldan keyin tishlarni tozalashni maslahat beraman. Bu, ayniqsa, bolalarga taalluqli.
Vrach-diyetolog Natalya Pugachyovaning ta’kidlashiga qaraganda, muzqaymoq tomoqni chiniqtirishda muhim ahamiyat kasb etarkan. Agar muzqaymoqni shoshilmasdan, ozgina-ozginadan yeyilsa, tomoqni shamollatish xavfi ortga chekinadi.
– Bu xushxo‘r mahsulotni bir kunda qancha miqdorda iste’mol qilgan ma’qul?
– Ayniqsa, issiq kunlarda muzqaymoq iste’mol qilish kishiga rohat bag‘ishlaydi. Ammo qanchalik yoqimli bo‘lmasin, ushbu mahsulotning me’yorini unutmaslik lozim. Bir kun davomida muzqaymoqning yeyishingiz mumkin bo‘lgan eng yuqori miqdori 50 gramm hisoblanadi. Har kuni yeyish tavsiya qilinmaydi. Agar haftasiga 100 grammdan 2-3 marta muzqaymoq iste’mol qilinsa, tishlar, suyaklar mustahkam tortadi. Shuni ham unutmaslik kerakki, agar issiq ovqat, choy yoki kofedan keyin darhol muzqaymoq yeyilsa, tish emalida darzlar paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham issiq mahsulotlardan so‘ng darrov muzqaymoq iste’mol qilish yaramaydi.
– Bolalar uchun muzqaymoq eng sevimli mahsulot hisoblanadi. Ularga necha yoshdan muzqaymoq berish mumkin?

– Agar bola har qanday ovqatni yengil hazm qilsa, bunda hech qanday muammo yo‘q. Ammo bir tomoni bor, olti yoshgacha bo‘lgan bolalarning immuniteti juda kuch bilan ishlaydi va sovuq unga zarar keltirishi mumkin. Shuning uchun bolalarga erigan muzqaymoq berish maqsadga muvofiq. Unga murabbo yoki shunga o‘xshash biror narsa qo‘shib berilsa, yanada yaxshi. Albatta, bularning hammasi tabiiy muzqaymoqqa taalluqli.
Darhaqiqat, jazirama yozda kundalik mahsulotimizga aylanib borayotgan muzqaymoqlarning foydasi bilan birga, zarari borligini hamda me’yorini unutmagan holda iste’mol qilish eng to‘g‘ri yo‘l ekan. Shuningdek, uning tabiiysini tanlash, muddatiga e’tibor qaratish salomatlik uchun muhim ahamiyatga ega.
Muhtarama Komilova, O‘zA