“Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili amalda
Shahrixon tumanida "Bir hudud – bir mahsulot" mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyatida aholi, xususan, yoshlar bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish, oilalar daromadini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili mazkur yo‘nalishdagi ishlar samarasi va natijadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 maydagi "Tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 fevraldagi "Aholiga dehqon xo‘jaligini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlari ijrosi doirasida Shahrixon tumanida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda mahallalarda ish olib borayotgan hokim yordamchilari, qishloq xo‘jaligiga aloqador tashkilotlar rahbarlari, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari ishtirok etdi.
[gallery-15904]
Semnarda ana shu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Namunali ish olib borayotgan xo‘jaliklar, tomorqa yer egalarining ilg‘or ish tajribalari ko‘rsatildi.
Mutaxassislar tomonidan dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun ajratib berilgan yer maydonlaridan unumli foydalanish, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish, ilg‘or ish tajribalarini qo‘llash yuzasidan taklif, tavsiya va tushunchalar berildi.
Ishtirokchilarning mavzu doirasidagi bilim va malakalarini oshirish, qolaversa, o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ish uslublarini o‘rganish imkonini bergan seminar qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari