Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi
Namanganda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi tomonidan xotin-qizlarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida viloyat markazidagi 17-sonli oila poliklinikasida keng ko‘lamli tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Partiya viloyat kengashi amalga oshirayotgan “Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi” loyihasi doirasida mazkur ko‘rik ayollarning sog‘ligini yaxshilash, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatga ega.

– Ushbu loyiha “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ro‘yxatlarida turgan opa-singillarimizga tibbiy ko‘mak berish, ularning salomatligiga befarq bo‘lmagan jamiyat a’zolarini birlashtirishga yo‘naltirilgan, – deydi OʻzLiDeP Namangan viloyati kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minov. – Loyiha doirasida soha mutaxassislari tomonidan ayollarga onkologik kasalliklarni erta aniqlash, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, qon bosimi muammolari, endokrin tizimi xastaliklari va ayollarning tibbiy madaniyatini oshirishga oid muhim maslahatlar berilmoqda.

Tadbir davomida tibbiy mutaxassislar tarafidan nafaqat diagnostika ishlar amalga oshiriladi, balki ayollarni sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, to‘g‘ri ovqatlanish va muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishning ahamiyati haqida ham xabardor qilinadi.


Shuningdek, ba’zi kasalliklarni oldini olish maqsadida zarur dorilar va tibbiy tavsiyalar ham beriladi. Bunday xayrli tashabbuslar OʻzLiDeP dasturida belgilangan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom hayot kechirishlariga ko‘maklashish borasidagi izchil vazifalari ijrosidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA