"Bir asar — bir umr" nomli yopiq xayriya ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida "Bir asar — bir umr" nomli yopiq xayriya ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Onkologik kasallikka chalingan bolalarning hayotini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplash maqsadida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning taniqli va iste’dodli rassomlari tomonidan yaratilgan asarlar namoyish etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur tadbir san’at, mehr-oqibat va ijtimoiy mas’uliyatni birlashtirgan holda jamiyat e’tiborini bolalar onkologiyasi muammolariga qaratish, shuningdek og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bolalar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Asarlardan tushgan mablag‘lar to‘liq ravishda bolalarning davolanishi va operatsiya xarajatlarini qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Loyiha doirasida yig‘ilgan mablag‘lar maqsadli va shaffof tarzda yo‘naltiriladi. Davolanish jarayoni va mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha hisobotlar hamkor tashkilotlar va ishtirokchilarga taqdim etiladi.

«Bir asar — bir umr» loyihasi har bir san’at asari nafaqat estetik qadriyat, balki inson hayotini saqlab qolishga xizmat qilishi mumkinligini namoyon etadi. Har bir xarid qilingan asar — bir bolaning hayotga bo‘lgan umidini mustahkamlaydi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA