Bioo‘g‘it hosildorlikni oshirmoqda
Farg‘ona viloyati hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi “Bio-servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishda qo‘llaniladigan makro va mikro elementlarga boy bioo‘g‘it ishlanmasini yaratdi.
Farg‘ona viloyati hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi “Bio-servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishda qo‘llaniladigan makro va mikro elementlarga boy bioo‘g‘it ishlanmasini yaratdi.Bugungi tez o‘zgarayotgan davrda ilm-fan yutuqlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, raqobat tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda ishlab chiqarishga yuqori samarali ishlanmalar, ilg‘or innovatsion texnologiyalarni tatbiq etmasdan turib xaridorgir mahsulot tayyorlash mushkul. Binobarin, mamlakatimizda ilmiy-texnikaviy salohiyatni rivojlantirish hamda uning yutuqlaridan oqilona foydalanish masalasiga taraqqiyotning hal qiluvchi omili sifatida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mamlakatimizda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘zining amaliy samaralarini bermoqda. Bu bevosita tadqiqotchilar hamda ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, eng so‘nggi ixtirolarni iqtisodiyotimizning turli tarmoqlariga jadal tatbiq qilishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, hosildorlikni oshirishning tejamkor yangi texnologiyasi – bioo‘g‘it ham bugun dehqon va fermer xo‘jaliklarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Bioo‘g‘it tarkibida o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘ladigan organik birikmalar shaklidagi makro va mikro elementlar bor, – deydi Farg‘ona viloyati hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi direktori R.Qoraboyeva. – U ekinning o‘sish jarayonini 15-20 kunga tezlashtirish barobarida hosildorlikni 30-40 foizga oshiradi. Shuningdek, o‘simlikning noqulay sharoitlar, xususan, suv taqchilligi, havo haroratining pasayishi, tuproq tarkibining sho‘rlanishi kabi holatlarga moslashishiga yordam beradi.
Mazkur ishlanma mamlakatimizning bir qator hududlarida tajriba sifatida sinovdan o‘tkazildi va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumanidagi “Sh.Gulrao‘shan”, “Dao‘letnazar boshliq”, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi “Yorqinoy Ahmedova”, “Kimyo Dang‘ara ravnaqi” kabi fermer xo‘jaliklari mazkur bioo‘g‘itdan foydalanib, paxta va g‘alladan qo‘shimcha hosil olishga erishdi.
– Bioo‘g‘it bizga juda ma’qul bo‘ldi, – deydi Dang‘ara tumanidagi “Kimyo Dang‘ara ravnaqi” fermer xo‘jaligi rahbari A.Yo‘ldoshev. – O‘tgan yili undan foydalanib, paxta hosildorligini 7 sentnerga oshirdik. U atrof-muhit va inson salomatligi uchun zararsiz bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini keskin oshiradi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida mazkur ishlanma bo‘yicha yurtimizdagi fermer xo‘jaliklari bilan 1,5 milliard so‘mlikdan ortiq shartnomalar imzolandi.