Bilimli inson ma’naviyatli ham bo‘lishi lozim
Dunyo tajribasidan ma’lumki, mamlakat rivoji bilimli yoshlarga bevosita bog‘liq. Insonning shaxs sifatida rivojlanishida esa, bolalar bog‘chasi, maktab va oliy ta’lim muassasasining o‘rni juda katta.
Insonning ijtimoiy munosabatlarga kirishishi bu jarayonni tezlashtiradi. Demak, shu o‘rinda ta’limni tarbiyadan ajratib bo‘lmasligini, ular ikkisi birgalikda odamni shaxs darajasiga ko‘tarishini e’tirof etish lozim.
Aqlli inson bu doimo yaxshi inson degani emasligini hayotda ko‘p bora uchratganmiz. Shu bois, professor-o‘qituvchilar talabalarga qaysi millatdan ekanimizni, o‘z yelkamizda o‘z yurtimiz sha’ni va g‘ururini ko‘tarib yurganimizni, milliy qadriyatlarga sodiq bo‘lib, dunyoning eng ilg‘or tajribalaridan foydalanish lozimligini, lekin o‘zligini yo‘qotmaslikni muntazam ta’kidlab keladi.
Oliy ta’lim shunchaki o‘z yo‘nalishida mutaxassis kadrlar tayyorlab bermaydi, shuningdek, u o‘z Vatanini sevuvchi sodiq fuqarolarni ham tayyorlashi kerak.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ma’naviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi masalalarida aniq tavsiya va ko‘rsatmalar berilgan.
O‘quv rejasi va dasturlariga ma’naviyat soatlarining kiritilishi, har bir oliy ta’lim muassasasida maxsus jihozlangan “Ma’naviyat va ma’rifat” maskanlarining tashkil etilishi talaba-yoshlarimizni vatanparvar shaxs sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
2021 yil 19 yanvardagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir”, degan fikrni ilgari surgandi.
Jamiyatimizda ma’naviyatning roli va ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Misol uchun, Yevropa mamlakatlarida ota-ona o‘z bolasiga kredit berishi tabiiy, normal holat hisoblanadi.
Farzand ulg‘ayib, voyaga yetgach, albatta, o‘sha kreditni qaytarmasa, javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Sud bu holatda ota-onaga o‘sha summani farzanddan olib beradi va bu ularda oddiy hol.
Biz esa bu qarashlarni, albatta, ongimizga singdira olmaymiz. Bu holat bizning mentalitetimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Demak, shundan xulosa qilish mumkinki, har bir millatning tarbiya borasida o‘z qarashlari bor, unga turlicha ta’rif beradi.
Hamma insonlarning tug‘ilishi, yashashi va boshqa tabiiy xususiyatlari tabiatan bir xil – 9 oy ona qornida yotamiz, och qolsak ovqatlanamiz, charchasak dam olamiz va hokazo. Ammo yashash tarzimiz har xil, qarashlarimiz turlicha va odatlarimiz ham shunday. Va hududlarga xos bo‘lgan mana shu jihatlar – odatlar, qarashlar, madaniyat bizni shaxs sifatida, millat sifatida shakllantiradi.
Ma’naviyatli insonni mag‘zi to‘q mevaga qiyoslash mumkin. Bunday odamlarni yo‘ldan ozdirish, maqsaddan qaytarish qiyin. Ular har qanday holatda ham o‘zligini unutmaydi, qaysi millatdan ekani yodida turadi.
Yaqinda talabalarimiz bir necha oy davomida Yevropada, Germaniyada malaka amaliyotini o‘tab qaytdi.
Barchamizga ma’lumki, Germaniya dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan biri. Qishloq xo‘jaligi, veterinariya sohasi butunlay avtomatlashtirilgan.
Inson omili bu yerda faqat boshqarish uchun kerak, ya’ni asosiy ishlarni mashinalar amalga oshiradi.
Lekin talabalarimizning bir holati bizni ta’sirlantirdi. Ular tarixiy joylarga sayohat davomida boshlarida o‘zbekona do‘ppi bilan suratga tushgan edi. Bu ko‘p narsani anglatishi mumkin.
O‘zbekiston – ulug‘lar makoni, bu yerdan buyuk insonlar yetishib chiqqan. Xalqimiz azaldan oilaparvarligi, vatanparvarligi, go‘zal e’tiqodi bilan yuksak ma’naviyatli millat sifatida dunyoda tan olib kelingan.
Yangi O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa yoshlari, ana shu jihatni hamisha yodda tutishlari lozim.
Ma’naviyatsiz jamiyat esa baribir tanazzulga yuz tutadi. Biz yoshlarimiz ongiga ana shu haqiqatlarni singdira olishimiz Renessans degani. Bu tom ma’nodagi Renessans bo‘ladi.
Xudoynazar Yunusov,
SamVMI rektori