"Bibtexnika" karvoni Namanganga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan 1 million 878 mingdan ortiq "Bibtexnika" anjomlari Namangan viloyatiga yetib keldi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi o‘quv maskanlari axborot --resurs markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda kutubxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan mazkur karvondan o‘rin olgan uskunalar mavjud 750 ta umumta’lim maktabi, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va Muhammadsharif So‘fizoda nomidagi viloyat bolalar kutubxonasiga yetkazildi.


"Bibtexnika" majmuasi tarkibidan jamlama kitobi, inventar kitobi, kundalik daftari, kitobxon formulyari, "cho‘ntakcha", alifboli kartochka, qaytaruv varaqasi, to‘plam g‘ilofi kabi vositalar o‘rin olgan.
Ma’lumot o‘rnida: bugungi kunda Namangan viloyati bo‘yicha Bolalar kutubxonasi hamda umumta’lim maktablarida jami 916 nafar kutubxonachi xodim faoliyat olib bormoqda.



Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri