«BETER BEST» MCHJ qurilish maydonida yer o‘pirildi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan «BETER BEST» MCHJ qurilish ob’ekti hududida yer qoplamasining qisman cho‘kishi va o‘pirilishi kuzatildi. Mazkur holat aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa hududdagi kanalizatsiya tarmog‘ida yuzaga kelgan texnik nosozlik oqibatida sodir bo‘lgan. Nosozlik tufayli quvurga shikast yetgan va bu yer qoplamasining qisman cho‘kishi hamda o‘pirilishiga sabab bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Ayni vaqtda vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Hodisa joyida shahar va tuman mutasaddilari, tegishli kommunal xizmatlar hamda mas’ul tashkilotlar vakillari tomonidan tezkor o‘rganish va tiklash ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar hodisaning kelib chiqish sabablarini atroflicha o‘rganmoqda. Shuningdek, nosozlikni bartaraf etish, hududni to‘liq xavfsiz holatga keltirish hamda kelgusida bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, o‘rganish ishlari yakunlangach, hodisa yuzasidan qo‘shimcha rasmiy ma’lumot jamoatchilikka taqdim etiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA