Betakror shoira, xalqchil ijodkor
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Kitobxon onalar” ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.
Loyihaning bu galgisi O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva ijodiga bag‘ishlandi.
Adabiy tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, taniqli shoiralar Gulchehra Shahobiddin qizi, Farog‘at Xudoyqulova, Guljamol Asqarova, Shahlo Ahrorova ustoz shoira Halima Xudoyberdiyeva ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida batafsil to‘xtaldilar.
Halimaxonim ijodi isyonkor ruhi, o‘zbek onalarining orzu-armonlari, dard va iztiroblarini o‘zida mujassam etgani bilan qadrli. Ustoz shoiramizning she’riyati nainki mamlakatimizda, balki turkiy tilli davlatlarda ham yuksak ehtirom bilan mutolaa etiladi.
Atoqli shoira Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil 17 may kuni Boyovut tumanida tavallud topgan. Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini 1972 yilda tugatgan.
Halima Xudoyberdiyeva «Saodat» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1972-75), bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir (1982-94), Yoshlar nashriyotida bo‘lim mudiri (1978-82), O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (1990-94), «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi muharrir (1996-98), «Sanam» jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1998-2003), 2004 yildan «XXI asr» gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan.
Uning ilk she’rlari o‘quvchilik yillarida Yangiyer tuman gazetasida bosilgan (1964). Shundan keyin uning «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiqqor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Bu kunlarga yetganlar bor», «Hurlik o‘ti» (1993), «To‘marisning aytgani» (1996) «Yo‘ldadirman» (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan. Ijodkor 1992 yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Adabiyotshunoslarning fikricha, Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek she’riyatiga samimiy insoniy tuyg‘u va fazilatlar — sevgi va sadoqat, mehr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi. U dastlabki she’riy to‘plamlaridan boshlab o‘z ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli qirralarini ochishga, ularning nafaqat jamiyatning to‘laqonli va faol a’zolari, balki shu jamiyatning ko‘rki va bezagi ekanini ifodalashga intildi.
Halima Xudoyberdiyevaning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To‘fon Minnullinning «Alla» pesasi Halima Xudoyberdiyevaning avtorlashtirilgan tarjimasida O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgan.
U Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibroyim Yusupov ijodidan tarjimalar qilgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan keyingi yillarda Halima Xudoyberdiyeva ijodini targ‘ib etish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda. Shoira nomi bilan yuritiluvchi ijod maktabi tashkil etildi. Uning kitoblari Yozuvchilar uyushmasi tomonidan muttasil nashr etilmoqda. She’riyati yurtimiz yoshlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Adabiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.
Tadbirda Halima Xudoyberdiyeva ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri