«Beshiktosh» Muhammad Salah transferi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi
Sport direktorining ta’kidlashicha, klub rahbariyati misrlik futbolchi transferi ustidagi ishlarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgan.
«Beshiktosh» sport direktori Ondyor Ozyon hujumchi Muhammad Salahning turk klubiga ehtimoliy transferi borasidagi vaziyatga izoh berdi. Uning so‘zlarini beIN SPORTS Türkiye telekanali keltirdi.
«Muhammad Salah — jahon yulduzi. Uning xalqaro miqyosdagi nufuzi juda yuqori. Muzokaralarning dastlabki bosqichida men va Vinchenso Italyano Salah bilan uch marta suhbatlashdik. Biroq ilk kunlardagi ijobiy jarayon 21-iyuldan boshlab sekinlashdi», — dedi Ozyon.
Sport direktorining ta’kidlashicha, klub rahbariyati misrlik futbolchi transferi ustidagi ishlarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgan.
«Prezidentimiz qaysi nuqtada to‘xtash kerakligini to‘g‘ri belgiladi va shu qarorida qat’iy qoldi. U ommabop emas, balki real qaror qabul qildi. Hozircha Muhammad Salah bo‘yicha muzokaralar biz uchun kechiktirildi», — deya qo‘shimcha qildi Ozyon.
Avvalroq «Beshiktosh» yozda «Liverpul»ni tark etgan 33 yoshli hujumchini o‘z safiga qo‘shib olishga urinayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Tomonlar muzokara olib borgan bo‘lsa-da, hozircha transfer shartlari yuzasidan kelishuvga erishilmagan.