Besh yillik faoliyat sarhisob qilindi
Xorazm viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda hududiy birlashmaning 2020-2025-yillar davomidagi faoliyati tahlil etildi. Shu yuzasidan birlashma raisi Hamidjon Ro‘zakovning axboroti tinglandi.
Ta’kidlandiki, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy baza tovarlar, ishlar va xizmatlarning sifati, xavfsizligi va narxi, ular haqida axborot berish, shartnoma munosabatlari, to‘lovlar, elektron savdo, kommunal xizmatlar, transport, bank-moliya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qurilish, oziq-ovqat xavfsizligi hamda boshqa sohalardagi munosabatlarni qamrab oladi. Korxona, tashkilot, muassasa va o‘quv yurtlarida 35 ta iste’molchilar huquqlarini himoya qilish “tayanch guruh”lari bo‘lgan va federatsiya safiga 34 ming a’zoni jamlagan hududiy birlashma besh yil davomida kommunal sohalarda o‘tkazilgan monitoring va eshituvlar natijasida aholi foydasiga 5,5 milliard so‘mdan ortiq noreal qarzdorliklarni kechib berilishiga erishgan.
– Hisobot davrida fuqarolardan kelib tushgan 4 ming 291 ta murojaat xodimlarimiz tomonidan o‘rganilib, 3 ming 11 tasi ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilarga yetkazilgan jami 25 255 890 858 (yigirma besh milliard ikki yuz ellik besh million sakkiz yuz to‘qson ming sakkiz yuz ellik sakkiz) so‘m zarar qayta hisob-kitob qilib berildi, – deydi hududiy birlashma raisi Hamijon Ro‘zakov. – Shundan 12 milliard so‘m mablag‘ sud organlari orqali iste’molchilar foydasiga hal etilishiga erishildi. Boshqa murojaatlar yuzasidan 1 ming 287 nafar fuqaroga muammolariga yechim topish bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi. Bevosita xodimlarimiz tomonidan 1 ming 600 nafar aholiga muammolarini joyida bartaraf etilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Tadbirda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi.
So‘nggi yillarda Urganch va Xiva shaharlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan qator xalqaro forum va anjumanlar o‘tkazilgan. MDH davlatlari, Osiyo va Yevropa mamlakatlaridan ekspertlar, jamoat tashkilotlari va xalqaro institutlar vakillari ishtirok etgan bunday anjumanlar milliy qonunchilikni takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va iste’molchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-32285]
Konferensiyada 2026-2030-yillar uchun asosiy faoliyat yo‘nalishlarini rivojlantirish dasturi yuzasidan Hududiy birlashma raisi o‘rinbosari-ijrochi direktori Sardor Do‘stchanovning ham axboroti tinglandi.
Shundan so‘ng, hududiy birlashmaning kengash a’zolari tarkibi tasdiqlandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining navbatdagi hisobot konferensiyasiga delegatlar ham saylandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari