«Besh tashabbus paralimpiadasi» respublika final bosqichidan fotoreportaj
Bugun poytaxtimizdagi «Olimpiya shaharchasi»da «Besh tashabbus paralimpiadasi» sport o‘yinlarining respublika final bosqichiga start berildi.
Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jami 364 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Ular para yengil atletika, para stol tennisi, para badminton, para armrestling va para shaxmat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashmoqda.
[gallery-30402]
Mazkur musobaqalar xalqaro paralimpiya harakati talablari asosida, shuningdek, surdlimpiya hamda ko‘zi ojiz sportchilar uchun IBSA xalqaro sport dasturlari mezonlariga muvofiq tashkil etilgani bilan ahamiyatlidir.
«Besh tashabbus paralimpiadasi» nogironligi bo‘lgan yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda mamlakatimizda inklyuziv sportni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Musobaqalar 15-iyul kuni yakuniga yetib, g‘olib va sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA