“Besh tashabbus olimpiadasi”ning mahalla bosqichi o‘tkazilmoqda
Shu kunlarda mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilishi belgilangan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning vorkaut, stritbol va xalq o‘yinlari musobaqalarining mahalla bosqich bahslari o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 30-martidan boshlangan “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlari ishlab chiqilgan nizomga muvofiq joylarda mahalla yoshlarining qiziqarli bellashuvlari ko‘rinishini olmoqda.
Navro‘z umumxalq bayrami bilan vobasta tarzda kechayotgan bahslarda yoshlar “ERP Sport” yagona elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tish asosida ishtirok etmoqda.

– “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida bu yildan yangi qo‘shilgan xalq o‘yinlarining mahalla bosqichi boshqa sport turlariga qaraganda ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, xalq o‘yinlarining arqon tortish, tosh ko‘tarish, arg‘imchoqda sakrash yo‘nalishlaridagi bellashuvlarni tashkil etish qulayligi bilan alohida ajralib turganligini ta’kidlash lozim. Buning uchun sport inventarlariga talabning u qadar yuqori emasligi, yoshlarning qiziqishi yuqoriligi talabgorlar soni ortishiga ta’sir ko‘rsatmoqda, – deydi sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sherzod Olimov.
Bugungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Navoiy, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo va poytaxtimizning ko‘plab mahallalarida musobaqalar yuqori saviyada tashkil etildi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning mahalla bosqich musobaqalari 4-aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA