Besh muhim tashabbus yoshlarga katta imkoniyatlar bermoqda
Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Quva tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida 68 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, 41 ming 258 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida sport, musiqa, kompyuter to‘garaklari tashkil etildi. Shuningdek, 8 ta maktabdagi qo‘g‘irchoq teatrlari o‘quvchilarni san’atga oshno etish hamda iste’dodlarni kashf etishga xizmat qilib kelmoqda.
Chekka hudud – “Soyguzar” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 10-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan beshta muhim tashabbusga bag‘ishlangan festival haqiqiy ma’naviyat bayramiga aylandi. Tadbirda tuman prokurori, 2-sektor rahbari Otabek Toshmatov bu kabi tadbirlar yoshlar kamolotiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tumandagi ta’lim maskanlarining psixologlari yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish borasida belgilangan vazifalar bo‘yicha turli tadbirlarni o‘tkazdi. “Doim kitobni do‘st tut” aksiyasi doirasida kitoblar ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etildi. Maktab o‘quvchilari tomonidan 5 ta tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklar taqdimoti hamda ijodiy ishlari namoyish etildi Shaxmat-shashka, stol tennisi, voleybol, arqon tortish, uzunlikka sakrash, yugurish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlandi.
– Yoshlarimiz qanchalik ma’naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shuncha kuchli bo‘ladi, – deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Dadajon Yunusov. – Ular qanchalik bilimli bo‘lsa, davlatimiz ham shunchalik qudratli bo‘ladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus bunda katta ahamiyatga ega. Shu bois maktablarimizda uning targ‘ibotiga e’tibor qaratib, tizimli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ta’lim maskanlarimiz zarur musiqa cholg‘u asboblari va sport jihozlari bilan ta’minlandi.
[gallery-1971]
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat), O‘zA