Bellashuvlarda juda ko‘p texnik nokaut kuzatildi
G‘azalkent shahrida joylashgan harbiy qismda boks bo‘yicha Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bir qator e’tiborga molik natijalar bilan yakunlandi.
To‘rt kun davom etgan musobaqada 130 nafarga yaqin charm qo‘lqop ustasi oltita vazn toifasida yakkalik va jamoaviy birinchilik uchun bahslashdi. Ofitserlar, serjantlar, kursantlar va muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilar o‘tkazilgan har bir jangda chempionlik uchun murosasiz kurash olib bordi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan oddiy askar Azizxon Abdullayev 69 kilogramm vaznda ringga ko‘tarilib, unutilmas g‘alabaga erishdi. Azizxon hal qiluvchi bellashuvda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Azizbek Qahramonovni yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etdi. Qolgan beshta vaznning barchasi shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat qilib, yurt tinchligini qo‘riqlayotgan kichik serjantlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Kichik serjant Jahongir Davidov (Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi, 63 kilogramm), muddatli harbiy xizmatchi Azizxon Abdullayev (Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi, 69 kilogramm), kichik serjant Faxriddin Mamatxo‘jayev (G‘azalkentda joylashgan harbiy qism, 75 kilogramm), kichik serjant Islombek Mo‘minov (Toshkent harbiy okrugi, 81 kilogramm), kichik serjant Husanboy Xudaynazarov (G‘azalkentda joylashgan harbiy qism, 91 kilogramm) va kichik serjant Sergey Qurbonov (G‘azalkentda joylashgan harbiy qism, +91 kilogramm) o‘z vazn toifalarida O‘zbekiston chempioni degan sharafli yutuqni qo‘lga kiritdi. Final bahslari shu qadar shiddatli va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldiki, ularning deyarli barchasida g‘oliblar o‘z raqiblarini muddatidan oldin texnik nokautga uchratdi.

– Boks bilan o‘n yoshimdan shug‘ullanib kelaman. Birinchi marta Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘lganimdan g‘oyat mamnunman. Yarim finalda raqibimni biroz qiyinchilik bilan yutgandim. Ushbu g‘alaba chempion bo‘lishimda ishonch uyg‘otdi. Ilgari ham respublika miqyosidagi musobaqada g‘olib bo‘lganman. Endi xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman, – dedi 91 kilogramm vaznda chempion bo‘lgan Husanboy Xudaynazarov.
G‘olib va sovrindorlar medallar, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Jamoaviy hisobda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan G‘azalkent shahrida joylashgan harbiy qismga Mudofaa vazirligining maxsus kubogi topshirildi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi hamda Toshkent harbiy okrugi terma jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rindan joy oldi.
Asror RO‘ZIBOEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi.
O‘zA