Belgradda Parlamentlararo ittifoq parlamentlarining ayol a’zolari global konferensiyasi o‘tkazilmoqda
Serbiya Respublikasi parlamenti – Xalq Skupinasi taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Serbiyada bo‘lib turibdi.
Rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tkazilayotgan Parlamentlararo ittifoq (PI) parlamentlarining ayol a’zolari global konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Konferensiyada parlamentlar delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, 65 davlatdan 400 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.
Global konferensiyaning ochilish marosimini Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson ochib berdi va mazkur xalqaro anjumanning ahamiyati, ayollar huquq va manfaatlari himoyasining qanchalik dolzarb ekaniga to‘xtalib o‘tdi.
Global konferensiyaning 1-sessiyasida Senat Raisi T.Norboyeva ma’ruza bilan ishtirok etadi.

Tashrif doirasida bir qator rasmiy uchrashuvlar hamda global forum maydonida ikki tomonlama muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun: Parlamentlararo ittifoq (PI) ayol parlament a’zolari global konferensiyasi – dunyo mamlakatlari parlamentlarida faoliyat yurituvchi ayol deputatlar uchun tashkil etiladigan yirik xalqaro muloqot maydonidir.
Konferensiyaning asosiy maqsadi gender tengligini ta’minlash, ayollarning siyosiy qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish va parlamentlarda ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tajriba almashishdan iborat
Norgul Abduraimova,
O‘zA muxbiri
(Belgrad, Serbiya)