Belgradda O‘zbekiston–Serbiya qo‘shma biznes forumi bo‘lib o‘tdi
Belgrad shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich ishtirokida O‘zbekiston–Serbiya qo‘shma biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakatdan 200 nafardan ziyod rasmiy va ishbilarmon doira vakillari, yirik sanoat va savdo korxonalari rahbarlari ishtirok etdi. Xususan, Serbiyaning “Galenika”, “AbelaPharm”, “Gosa FOM”, “YUMCO”, “Luss Textile” kabi yetakchi kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida oliy darajadagi samarali muzokaralar O‘zbekiston–Serbiya munosabatlarida yangi sahifa ochganini ta’kidladi. Muloqotlarning muhim natijasi sifatida ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani qayd etildi.
Forumda o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish, mahsulotlar turini kengaytirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilingani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Jumladan, to‘qimachilik va elektrotexnika mahsulotlari, avtomobil va sanoat butlovchi qismlarini birgalikda ishlab chiqarish, farmatsevtika preparatlarini mahalliylashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, shuningdek, dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Davlatimiz rahbari Serbiya biznesi uchun O‘zbekistonda qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinib, qator ikki tomonlama iqtisodiy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.
Otabek MIRSOATOV surat), O‘zA