Belgradda O‘zbekiston - Serbiya hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Kuni kecha Belgrad shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Serbiya Respublikasining xalqaro iqtisodiy aloqalar bo‘yicha vaziri Nenad Popovich hamraisligida O‘zbekiston–Serbiya iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, hududlar vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda Prezidentimizning Serbiyaga rasmiy tashrifi sheriklikning yangi bosqichini boshlab berishi ta’kidlandi. Komissiya faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasini aniq iqtisodiy yechimlar bilan mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimning kuchga kirgani ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratmoqda.
O‘zaro savdo masalalari muhokamasi chog‘ida ikki tomonlama savdoni yanada liberallashtirish maqsadida Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun ishchi guruh tuzishga oid Qo‘shma deklaratsiya imzolashga tayyorlandi. Mazkur mexanizm tovarlar va xizmatlarning o‘zaro yetkazib berilishi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni shakllantirish hamda tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qo‘shimcha turtki berishga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda yurtimizda Serbiya kapitali ishtirokida 10 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Butlovchi qismlar va dori vositalarini mahalliylashtirish, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, urug‘chilik, bog‘dorchilik va sutni qayta ishlash sohalarida hamkorlik imkoniyatlari belgilab olindi.
Yuk tashuvlarini soddalashtirish maqsadida ruxsatnomalar va dastlabki bojxona ma’lumotlarini elektron shaklda almashish, shu orqali qog‘oz hujjatlar aylanishini qisqartirish taklif etildi. Infratuzilma sohasida O‘zbekiston tomonining Serbiya temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilishda, jumladan, 200 kilometrlik uchastkani qurishda ishtirok etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat mahsulotlari va investitsiyaviy takliflarini taqdim etish, hamkorlarni izlash hamda tarmoqlararo hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun xalqaro ko‘rgazma maydonchalari salohiyatidan foydalanish va qo‘shma biznes tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ana shunday tadbirlardan biri 2027-yilda Belgradda bo‘lib o‘tadigan “EXPO 2027” ko‘rgazmasi bo‘ladi.
Iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda, ishtirokchilar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuvlar, madaniyat va turizm, mehnat migratsiyasi va ijtimoiy himoya sohalaridagi hamkorlikni ham muhokama qildilar. Toshkent va Belgrad, Samarqand va Novi-Sad shaharlari, shuningdek, Samarqand viloyati va Voyevodina avtonom o‘lkasi o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA