Bekxem – FIFA prezidentligiga asosiy nomzodmi?
“Manchester Yunayted” va “Real Madrid” afsonasi Devid Bekxem Yevropa futbol jamoatchiligi orasida FIFA prezidentligiga asosiy nomzod sifatida baholanmoqda. U saylovda amaldagi yetakchi Janni Infantinoga qarshi chiqishi mumkin.
“Sky Sport Germany” xabariga ko‘ra, UEFA va Germaniya futbol assotsiatsiyasi tarkibidagi bir necha fraksiya Angliya terma jamoasi sobiq a’zosini hozirgi rahbarga muqobil sifatida ko‘rmoqda.
FIFA Jahon chempionati uchun tijorat va televideniye huquqini boshqarish masalasida yuzaga chiqqan kelishmovchilikdan so‘ng amaldagi prezidentga e’tiroz kuchaydi. Shunday sharoitda yuqori dunyoviy mavqei Devidni keng qo‘llab-quvvatlanadigan jozibali nomzodga aylantirishi mumkin.
Nomzodlarni ro‘yxatga olish muddati 18-noyabr, saylov 2027-yil 18-martga belgilangan. Bekxemning nomzodi esa hali rasman e’lon qilinmagan.
S.Rahimov, O‘zA