Bekobodda qancha maktab direktorining diplomi soxta?
Bugun jahon hamjamiyati global iqlim oʻzgarishi va koronavirus pandemiyasi insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan ekanini tan olmoqda.
Bugun jahon hamjamiyati global iqlim oʻzgarishi va koronavirus pandemiyasi insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan ekanini tan olmoqda.
Darhaqiqat, iqlim oʻzgarishi hamda kasallik evolyutsiyasi insoniyat tarixida oldindan aytib boʻlmaydigan elementlar boʻlib kelgan. Biroq olimlarning taʼkidlashicha, insonlarning atrof-muhitga antropogen taʼsiri Ebola, parranda grippi, SOVID-19 kabi kasalliklarning keng tarqalishiga sababchi boʻlmoqda...
“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Global iqlim oʻzgarishlari pandemiyaga sabab boʻldimi?” sarlavhali maqolada ayni shu mavzu qalamga olingan. Unda qayd etilishicha, karantin sharoitida dunyo mamlakatlari oʻrtasida havo va yer transporti aloqalari, shuningdek, mamlakatlarning ichida avtomobil, temir yoʻl hamda aviatransport qatnovi keskin kamaygani natijasida dvigatellardan atmosferaga chiqayotgan is gazlari miqdori sezilarli darajada kamaydi. Natijada atmosferaning keyingi 30 — 40 yil ichida hosil boʻlgan ifloslanish darajasi pasayayotganligi kuzatildi. Qolaversa, koronavirus insonlarni yashash tarzini oʻzgartirish boʻyicha majburiy eksperimentdan oʻtkazdi...
Yer, suv va quyosh... Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Safar Ostonovning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida shu sarlavha ostida maqolasi chop etilgan. Unda yozilishicha, ushbu uch bebaho neʼmat hammaga ham bir xil berilmagan. Ammo buni baʼzan anglab, baʼzan anglamayotganga oʻxshaymiz... Aslida-ku, oʻqiganmiz, eshitganmiz, koʻrganmiz, bilamiz, Yer sharining har hududi oʻziga xos, iqlimiyu tabiiy imkoniyatlarigacha turli-tuman. Qaysi bir yurt odamlari tuproqli, unumdor yerga, qaysi biri suvga zor yoki qayerlardadir quyosh yilning sanoqli kunlaridagina yuz koʻrsatadi...
Biroq, muallifning fikricha, Oʻzbekistonimizdan Yaratgan oʻz marhamatini ayamagan, saxiy yerimiz, katta-kichik daryolarimiz bor, doim porlab turuvchi quyoshimiz bor. Bu uch neʼmat, uch qudratli imkoniyat, koʻplarning havasini keltiradi. Odamlarning hayoti, turmushi, boyligi, davlatlarning iqtisodiy quvvati ham koʻp jihatdan ana shu uch neʼmatga bogʻliq, desak xato boʻlmaydi. Ammo Yaratganning oʻzi bergan bu imkoniyatlardan qanday foydalanyapmiz? Bu savol — bosh savol, katta savol, ogʻriqli savol...
“Maʼrifat” gazetasida berilgan “Kalavaning uchi qayerda?.." sarlavhali materialda Bekoboddagi ayrim maktab oʻqituvchilari soxta diplom bilan ishlayotgani haqida soʻz yuritilgan. Maqola muallifi, ushbu tumandagi 10-maktab direktori Abdusalom Sattorovning taʼkidlashicha, Bekobod tumanidagi 58 ta maktab direktorlaridan ayrimlarining diplomi soxta. Yaʼni, yopilib ketgan Toshkent viloyat (Angren) davlat pedagogika instituti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti diplomlari sotib olingan!.. “Oʻqituvchida ish reja va konspekt boʻlmasa...” nomli materialda esa maktablarda koʻpgina hujjatlar qatori konspekt yozish ham bekor qilinib, aksariyat oʻqituvchilar buni mamnuniyat bilan qabul qilishgani, ammo ish reja va konspekt zarur, degan fikrda qatiy turgan muallimlar ham borligi qayd etilgan. Maqola muallifi --- Rishton tumanidagi 21-maktab oʻqituvchisi Elyorjon Mahkamov ham shunday ustozlardan biri. Maqolada u oʻz fikrini asoslagan va himoya qilgan...
"Hurriyatʻ gazetasida “Adolat tarozisining posangisi yoki yangi tartib: kimga “aza”, kimga “mazza”mi?” nomli maqola bosilgan. Materialda keltirilishicha, hammamizga yaxshi maʼlumki, DTM tomonidan oʻtgan yildan boshlab ikkinchi va undan koʻp bora oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirayotgan abituriyentlar bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida toʻlov toʻlashi belgilangan. Masala bir qarashda ancha samarali koʻrinadi: yaʼni davlat byudjetidan har yili test jarayonlariga sarflanadigan mablagʻ boshqa yoʻnalishga ajratiladi, toʻlov joriy etish orqali “tavakkalchilar” safi qisqaradi, DTM jamgʻarma hisobidan oʻzini moliyalashtiradi. Mutasaddilar taʼkidlashganidek, zamonaviy texnologiyalar olib kelinadi, mutaxassislar chet elda malaka oshiradi. Bu — yaxshi oʻzgarishlar boʻladi, degani. Biroq masalaning “lekin”i ham bor...
... "Odamzod oʻq-yoy yasay boshlagandan buyon soʻzni qurol sifatida ishlatib keladi, – deyiladi “Fargʻona haqiqati” gazetasida chop etilgan “Soʻz qurol emas, tumor yoki vahima inson immunitetini pasaytirishini bilasizmi?” nomli maqolada. – Ha, oʻqdan ham kuchliroq boʻlgan soʻz insonning qudrat va quvvati nechogʻlik darajada ekanini isbotlay oladi..." Maqola muallifi Maʼmura Abdurahimovaning yozishicha, arzimagan gap-soʻz kelinni koʻch koʻtarishga majbur qilgan. Emishki, qaynonasi unga elektr, gaz, suvni tejash haqida achchiq-chuchuk, kesatiq gap aytarmish. Yoki yaxshi koʻrgan yigiti bir gap aytibdimish, qiz uyga kelib “Dimedrol” tabletkasidan bir nechtasini ichib oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlibdi. Jonlantirish boʻlimi eshigi oldida zor yigʻlayotgan onaning gapi ochiq yaraga tuz sepgandek: “Qizimga hech kim qattiq gapirmagan, toʻgʻrisi, gap koʻtarolmaydi. Har doim dadasi uni faqat erkalatardi”...
***
Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.