Bekobodda metallurglar mehnati e’tirof etildi
Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni munosabati bilan Bekobod shahridagi Metallurglar madaniyat saroyida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, kombinat Boshqaruvi raisi — Bosh direktor Bahodir Abdullayev so‘zga chiqib, barchani kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi hamda ularning korxona va mamlakat sanoati rivojidagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.

— Bugungi kunda mamlakatimizda metallurgiya sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oldimizga katta rejalarni qo‘yganmiz. Ortga nazar soladigan bo‘lsak, 2025-yilning ikkinchi yarimida metall prokati ishlab chiqarish hajmi 375,7 ming tonnaga yetib, 26 foiz o‘sishga erishilgan edi. 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida esa 269,8 ming tonna ishlab chiqarilib, 30,6 foizlik o‘sish qayd etildi. Shu bilan birga, I choragida sanoat mahsulotlari hajmi 1,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Metall prokati ishlab chiqarish 204,1 ming tonnaga, po‘lat zoldirlar ishlab chiqarish esa 72,4 ming tonnaga yetdi. Bu natijalar ortida fidoyilik, intizom va katta jamoaning mehnati turibdi, — deydi “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi – bosh direktor B.Abdullayev.

Shundan so‘ng Bekobod shahar hokimi N. Babayev so‘zga chiqib, soha vakillarini bayram bilan qutladi va ularning mehnatini yuksak baholadi.
Tadbir davomida bir guruh ilg‘or ishchi-xodimlar hamda mehnat faxriylari “Faxriy metallurg” medali bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Shuningdek, ishlab chiqarish va kasbiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan xodimlarga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bundan tashqari, ishchi-xodimlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan musobaqalar, jumladan, “Boshqaruv raisi kubogi” mini-futbol turniri g‘oliblari ham alohida e’tirof etilib, munosib taqdirlandi.
— Kombinat tizimida 40 yildan oshiq vaqtdan beri mehnat qilaman. Bu dargoh mening ikkinchi oilamdir. Yoshligimda metallurgiya yo‘nalishidagi oliygohni bitirgach shu sohadagi ishlab chiqarish tarmoqlarining ko‘p bosqichida tajribaga ega bo‘ldim. Hozirga kelib esa ko‘plab shogirdlarim bor. O‘z ishim bilan kombinat rivojiga, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga harakat qilaman. Yil sayin sohada zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilyapti. O‘z navbatida ishchilarga ham qulayliklar yaratilyapti. Bayram munosabati bilan men ham taqdirlandim. Bundan juda xursandman, — deydi elektrda po‘lat eritish bo‘linmasi boshlig‘i Isroil Nazarov.

Bayramning badiiy qismida taniqli san’atkorlar Shohruhxon, Jasmin, Suhrob Hamdamov va Botir Qodirov ishtirokidagi konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
A. Musayev, O‘zA.