Bekatdagi ma’rifat: imkoniyatni kengaytirish vaqti keldi
Yo‘lovchi uchun bekat — oddiy kutuv manzili. Kimdir telefonga sho‘ng‘iydi, kimdir atrofga termuladi, yana kimdir sabr bilan avtobus kutadi. Ammo Jizzaxda shunday bir bekat borki, u yerda vaqt shunchaki o‘tmaydi — u ma’noga, fikrga, hatto ilhomga aylanadi.
Shaharning Sharof Rashidov shoh ko‘chasida, viloyat hokimligi yaqinida joylashgan “Ziyo bekati” — oddiy tashabbus emas, balki kutuv madaniyatini o‘zgartirishga qaratilgan amaliy qadam. Aka-uka G‘ayratjon va Rustamjon Hojimurodovlar tashkil etgan bu mo‘jaz kutubxona yo‘lovchilarga ma’naviy ozuqa ulashishni maqsad qilgan.
— Avtobus kutayotganlarning ko‘pchiligi vaqtni bekor o‘tkazayotganini ko‘rib, oz bo‘lsa-da foyda keltirishni istadik, — deydi tashabbuskorlardan biri Rustamjon Hojimurodov. — Dastlab uyimdagi 20 ta kitobni olib keldim. Keyin do‘stlarimiz qo‘llab-quvvatladi va kitoblar soni 100 taga yetdi.
Samimiy niyatdan tug‘ilgan bu tashabbus bugun kutuv joyidan kitobsevarlar uchun kichik ma’naviyat maskaniga aylanib bormoqda. Bu, albatta, quvonarli.
Biroq har qanday yaxshi g‘oya rivojni talab qiladi. “Ziyo bekati” ham aynan shu bosqichga kelib qoldi.

Bugun bu yerdagi kitob fondi cheklangan, tanlov esa turli o‘quvchilarni uzoq vaqt jalb etish uchun yetarli emas. Bu esa tashabbus ta’sirini ma’lum darajada cheklamoqda.
Holbuki, dunyo tajribasida bekat kutubxonalari ancha keng qamrovli. Qator shaharlarda ular nafaqat qog‘oz kitoblar, balki muntazam yangilanadigan gazeta-jurnallar, QR-kod orqali elektron kitoblar, audiokitob havolalari, kitob almashish (“bookcrossing”) tizimi va hatto qisqa adabiy tadbirlar bilan boyitilgan.
Xo‘sh, nega “Ziyo bekati” ham shunday imkoniyatlarga ega bo‘lmasligi kerak?
Katta mablag‘ talab etmaydigan, ammo yuqori samara berishi mumkin bo‘lgan yechimlar mavjud: QR-kod orqali elektron kutubxonaga ulanish, mobil ilovalar bilan integratsiya yoki hech bo‘lmaganda kunlik matbuotni joylashtirish. Bu nafaqat keluvchilar sonini, balki ularning qiziqishini ham oshiradi.

Eng muhimi, bunday “ziyo nuqtalari” kitobxonlik madaniyatini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Chunki insonni kitobga yaqinlashtirish uchun ba’zan katta kutubxona emas, balki ana shunday kichik, samimiy muhitning o‘zi kifoya.
“Ziyo bekati” — yaxshi niyatdan tug‘ilgan g‘oya. Endi uni mazmunan boyitish, zamonaviy yechimlar bilan qo‘llab-quvvatlash orqali haqiqiy ma’naviy manzilga aylantirish mumkin.
Bu jarayonda mahalliy hokimlik, Yoshlar ishlari agentligi va jamoatchilik hamkorligi ayniqsa muhim. Zero, bir bekatda boshlangan ma’rifat ertaga keng jamiyat tafakkuriga ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri