Bayramga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi
Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 33 yilligi “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri” shiori ostida keng nishonlanmoqda.
Forish tumanidagi “Forish tog‘ - o‘quv harbiy poligoni”da o‘tkazilgan bayram tadbirida tuman hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Shavkat Uzoqov va boshqalar so‘zga chiqib, barcha harbiylarni, ularning oila a’zolarini Qurolli Kuchlarimizning 33 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy qutladi.
Tadbirda harbiy xizmat va jangovar tayyorgarlikda alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan harbiy xizmatchilar, ularning ota-onalari Forish tuman hokimligi hamda harbiy qismning faxriy yorliqlari, tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir nihoyasida Forish tuman madaniyat markazi san’atkorlari tomonidan bayram konsert dasturi namoyish etildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Jizzax garnizonidagi “N” harbiy qismda tantanali miting o‘tkazildi.
Baxmal tumani hokimi o‘rinbosari, Jizzax garnizoni harbiy prokurori, harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan harbiy qism harbiy xizmatchilariga bayram munosabati bilan ko‘krak nishonlari, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Jizzax garnizonidagi harbiy qismda yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyat va an’analarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida viloyat yoshlar ittifoqi hamkorligida harbiy qismda “Harbiy hayot” loyihasi o‘tkazildi.
Unda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, milliy armiyamizning jangovar tayyorgarlik salohiyati sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashda yigitlarimizning shijoati alohida ta’kidlandi.
Loyiha doirasida yoshlar harbiy xizmatchilarning hayoti, jangovar mashg‘ulotlarini kuzatish, davomida harbiylik kasbining naqadar sharafli ekanligiga guvoh bo‘lishdi.
Shuningdek, yoshlarga loyiha davomida yoshlar uchun harbiy qismda harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, sport musobaqalari hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazildi.
***
Sharof Rashidov tumani Olmachi mahallasida joylashgan Jizzax garnizonida “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida mahallalarda istiqomat qilayotgan uyushmagan yoshlar hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun “Harbiy qismda bir kun” mavzusida ko‘rgazmali va madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda harbiylar hayotiga bir kunlik sayohat tashkil etilib, yoshlar harbiy qismning kundalik faoliyati, qurollanishi, jangovar texnikasi va harbiy xizmat tartib-qoidalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – yoshlarda Vatanga bo‘lgan sadoqatni oshirish, harbiy xizmatga qiziqishni kuchaytirish va milliy qadriyatlarimizni ulug‘lashdir.
***
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i kubogi uchun “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Bilimlar bellashuvida soha xodimlari, faxriylar hamda IIV Jizzax akademik litseyi o‘quvchilaridan tarkib topgan 18 ta jamoa ishtirok etdi.
Intellektual o‘yin davomida ishtirokchilarning chet el va milliy adabiyotimiz durdonalari mazmun-mohiyatidan qanchalik xabardorliklari sinovdan o‘tkazildi.
Yakuniy xulosalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni Mirzacho‘l tumani ichki ishlar bo‘limining “Renessans” jamoasi qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga IIB boshlig‘ining ko‘chma kubogi, diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar mos ravishda viloyat IIB JXX jamoat tartibini saqlash boshqarmasining “Ustuvor” hamda Zomin tumani ichki ishlar bo‘limining “Lochinlar” jamoalariga nasib etdi.
[gallery-21264]
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari