Bayram arafasida 12 yirik ob’ekt ishga tushirildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘mlik 163 yangi ob’ektni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlatimiz rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan keng jamoatchilik vakillarini, ular orqali butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom bilan tabrikladi. Shundan so‘ng Prezidentimiz ramziy tugmani bosdi va 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirildi.
Unda Nukus shahridagi yangidan rekonstruksiya qilingan “Turon” o‘yingohidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, keng jamoatchilik vakillari videoaloqa orqali ishtirok etdi.

Bayram arafasida Qoraqalpog‘istonda ham jami 12 ob’ekt, shuning ichida 117 milliard so‘m mablag‘ hisobidan yangidan rekonstruksiya qilingan “Turon” o‘yingohi, 3,1 trillion so‘mlik 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi, 153 milliard so‘mlik Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi, 12 million AQSH dollarlik ohak ishlab chiqarish zavodi, xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirilib, 167,7 milliard so‘m hisobidan rekonstruksiya qilingan Mang‘it suv tozalash inshooti, Nukus shahrida 15 million AQSH dollarlik gazoblok ishlab chiqarish korxonasi, Kegeylida 4 million AQSH dollarlik DVP mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi kabi ob’ektlar ishga tushirildi.

Bundan tashqari, Nukus tumani hududida 60 milliard so‘mlik parrandachilik majmuasi, Buyuk Britaniyaning 3,3 milliard so‘mlik Pearson Btec xalqaro ta’lim dasturi loyihasi, Nukus shahrida 21 milliard so‘mlik zamonaviy xususiy maktab, Taxiatosh tumanidagi 8,5 milliard so‘m hisobidan yangidan qurilgan 23-sonli umumta’lim maktabi, Chimboy tumanida 13,4 milliard so‘mlik yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Albatta, eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur ob’ektlar aholi farovonligi yo‘lida uzoq yillar davomida xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri