Baxmalliklar 534 ming tupdan ortiq ko‘chat ekadi
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi O‘zbekiston – yashil makon hududida birgalikda yashaymiz!” shiori ostida joriy yilning 25 oktyabridan 1 dekabrga qadar kuzgi nihol ekish mavsumi Respublikamizning barcha hududlari kabi Jizzax viloyatida ham amalga oshirilmoqda.
Ota-bobolarimiz asrlar davomida ko‘chat ekib, uni parvarish qilib, hosilidan bahramand bo‘lib kelgan. Ko‘chat ekayotganda iqlim, tuproq sharoiti, suvga chidamliligi, ko‘p yillikligi inobatga olingan.
Ko‘chatlar yetishtirilayotgan o‘rmon xo‘jaliklariga tegishli ko‘chatxonalar va oilaviy ko‘chat yetishtiruvchi tomorqa yer egalarining ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Jizzax viloyatining eng chekka Baxmal tumanida bo‘ldik. Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbari Ubaydulla Abdullayevning aytishicha, xo‘jalikning umumiy maydoni 68 ming 425 gektarni tashkil etib, bu yerda 114 nafar xodim mehnat qilmoqda.
Bahorgi ko‘chat ekish mavsumida tuman o‘rmonchilari tomonidan tog‘ yonbag‘irlarida 425 gektar maydonda o‘rmon barpo qilish ishlari bajarilgan. Kuzgi ko‘chat ekish mavsumida esa xo‘jalik a’zolari 168 gektar maydonni o‘rmonlashtirishni rejalashtirgan. Baxmal va G‘allaorol tumanlarida o‘rmon xo‘jaligiga qarashli jami 12 gektar ko‘chatxonalar mavjud.
–Xo‘jalikdagi 7 gektar ko‘chatxonada 1 million tup turli mevali va manzarali ko‘chat zaxirasi yaratilgan, – deydi Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi inspektori Akbarjon Xolbo‘tayev. – Mavsum uchun 6 ming 800 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini yetkazib berish rejalashtirgan. Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublika Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan xo‘jalikka tegishli maydonga artizan qudug‘i qazilib, suv chiqarildi. 45 gektar yerga bodomning kech gullab, erta pishadigan navini, tomchilatib sug‘orish usulida ekishga kirishilgan.
Bundan tashqari, tumandagi 19-sonli umumta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilaridan “Yosh o‘rmonchilar” klubini tashkil etib, ular maxsus kiyim bosh bilan ta’mingan. O‘rmonchi mahallasidagi 2 ta ko‘chaga ana shu klub a’zolari bilan birgalikda rejadan tashqari 7 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish tashabbusi asosida ish olib borilmoqda.
Tumanda oilaviy ko‘chatchilik bilan shug‘ullanuvchi tomorqa yer egalari ham mavjud. Ularning xonadonlariga o‘rmon xo‘jaligi xodimlari borib, turli mevali va manzarali daraxt navlari donining iqlim va tuproq sharoitiga mosini tanlab, yetishtirishda zarur agrotexnik tadbirlar xususida batafsil tushunchalar berib kelinmoqda. Masalan, joriy mavsumda olmaning yangi, Baxmal iqlimi va tuprog‘iga moslashtirilgan “Jeremi” navini tanlab ushbu ko‘chatlarni tomorqalarda yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Biz “Tongotar” qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Bahodir aka Xudoynazarov xonadonida bo‘lib, u kishi bilan suhbatda bo‘ldik.
– Ko‘chat yetishtirish bilan 15 yildan buyon shug‘ullanib kelaman, – deydi Bahodir Xudoynazarov. – Томорқачиликdan yaxshigina daromad olsa bo‘ladi. Mana shu kasb orqasidan uy soldim, mashina oldim, farzandlarimni oliy o‘quv yurtida o‘qityapman, yaqindagina to‘y qilib, kelin oldim. Hovlimda 6 sotix, daladan 15 sotix yer olib, turli mevali va yog‘ochbop ko‘chatlar yetishtiraman. Olmaning “Jeremi”, “Krimson”, “Besh yulduz” gilosning eksporbop, qush tegmas “Napolion”, nokning erta pishar, o‘rta pishar, kech pishar navlari, tokning qora kishmish, oq, qora, qizil husayni, toifi, “Rizamat ota” navlari va turli-tuman atir gul ko‘chatlarini yetishtirib kelamiz. Dalada 40 ming, tomorqamda 5-6 ming tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazishga tayyor. Ko‘chatlarni qishlog‘imiz, tumanimiz va undan tashqari qo‘shni Bulung‘ur tumanidan kelib sotib olib ketishadi.
[gallery-14400]
Baxmal tumani yerlari tog‘li, lalmi, qir-adirli yaylov va suvli hududlarga bo‘linib, ekiladigan ko‘chatlar ham ana shu hududlarning sharoitdan kelib chiqib tanlanadi. Xizmat safarimiz davomida bizga hamrohlik qilgan Baxmal tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Begzod Mirzabekovni suhbatga chorladik.
– Tumanimizda 100 dan ortiq oila tomorqasida ko‘chatchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda, – deydi u. – Tog‘li hududlarimizdagi ko‘chatchilar archa, tuya archa, qayrag‘och, qarag‘ay, yong‘oq; Sangzor bo‘yidagi ko‘chat yetishtiruvchilarimiz oq terak, mirza terak, shotut, balx tuti, yovvoyi tut; sug‘oriladigan zonadagilar esa olma, nok, gilos, tokning turli navdagi ko‘chatlarni yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Joriy yilning bahorgi ko‘chat ekish mavsumida tumanimiz bo‘yicha 550 ming tup mevali va manzaralari daraxt ko‘chatlari ekilib, parvarish qilindi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi O‘zbekiston – yashil makon hududida birgalikda yashaymiz!” ezgu g‘oyasi ostida kuzgi ko‘chat ekish mavsumida yerning tuproq sharoiti, iqlimiga mosligidan kelib chiqib ekishga kirishdik. Har bir hududga ekiladigan niholning sug‘orilishi shartligi hisobga olinib, ko‘chatlar qadalyapti. Kuzgi ko‘chat ekish mavsumida jami 534 ming 400 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekishni rejalashtirganmiz.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat+video),
O‘zA muxbirlari