Baxmallik Yoqutxon jahonda tengsiz
Para yengil atletika bo‘yicha Hindistonning Nyu-Deli shahrida o‘tkazilgan Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan baxmallik parasportchi Yoqutxon Xolbekova nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo diqqat e’tiborini o‘ziga qaratdi.
U ayollar o‘rtasidagi T12 toifasida uzunlikka sakrash bahslarida 5 metru 54 santimetr uzunlikka sakrab, barcha raqibalarini ortda qoldirdi va Jahon chempioni bo‘ldi.
Bu zafar – g‘alaba qozongan faqat bir sportchining emas, balki butun O‘zbekiston sport maktabi, jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, ruhan matonatli va yuksak marralarni ko‘zlagan insonlarning buyuk yutug‘i sifatida e’tirof etilmoqda. Yoqutxonning har bir sakrashi ortida yillar davomida tinimsiz mashq, iroda va mehnat bor. Bu natija uning joriy mavsumdagi eng yuqori ko‘rsatkichi sifatida qayd etildi.

Musobaqa yakunida O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, Davlat madhiyasi yangragan paytda yosh chempion ko‘z yoshi to‘kib g‘alabasini o‘z jamoadoshlari va murabbiylari bilan nishonladi. Bu on faqat sport emas, milliy g‘urur, Vatan sevgisi, sadoqat va o‘zlikni anglashning timsoli edi. Uning ortidan finlyandiyalik Lida Lounela 5.28 metr natija bilan kumush, jazoirlik Hamri Linda esa 5.16 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Yoqutxon Xolbekova nafaqat Jizzax viloyati, balki O‘zbekiston sport tarixida o‘z nomini faxr bilan yozib qoldirdi. Uning g‘alabasi orqali ko‘plab yoshlar, ayniqsa imkoniyati cheklanganlar orasida sportga bo‘lgan ishtiyoq va ishonch yanada mustahkamlanishi aniq. Bu zafar nafaqat bir chempionatning natijasi, balki butun millatning sa’y-harakatlari, ishonchi va imkoniyatlar tengligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati samarasining yorqin ifodasidir. Baxmal tuman hokimi Aziz Ergashev Yoqutxonning ota-onasini yorqin g‘alaba bilan samimiy qutladi.
A.Qayumov (video), O‘zA