Baxmalda za’faron terish mavsumi boshlandi
Jizzax viloyati Baxmal tumanining qir-adirlarida boshlangan za’faron mavsumi nafaqat noyob mahsulot yetishtirish, balki aholi bandligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish uchun ham muhim ahamiyatga ega. Biroq guldan qimmatbaho tolalarni ajratishdan tortib, xalqaro talablarga mos holda qadoqlashgacha bo‘lgan jarayon ulkan mehnat, yuksak mahorat va aniqlikni talab etadi. Ana shu mashaqqatli mehnat samarasi Baxmal za’faronining milliy brend sifatidagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Baxmalning bepoyon qir-adirlarida za’faron mavsumi boshlandi. Tongning ilk shu’lalari yer yuziga yoyilishi bilan gullarga burkangan maydonlar tomon odamlar oqimi yo‘l oladi. Kimdir gullarni ehtiyotkorlik bilan uzadi, kimdir terilgan hosilni saralashga kirishadi. Har bir harakatda shoshqaloqlikdan asar yo‘q. Chunki bu yerda hosilni yig‘ib olishning o‘zi kifoya emas, uning har bir tolasidagi qiymatni asrab qolish kerak.
“BMB Holding” tarkibidagi “BMB Opera Zafferano” va “BMB Shifo” korxonalarida qizg‘in mehnat shu tarzda kechmoqda. Za’faronning nozik gullari qo‘llarga ehtiyot bilan olinadi. Ularning nafisligiga putur yetkazmaslik, hosilni sifatini yo‘qotmagan holda yig‘ish terimchilardan sabr, chaqqonlik va tajriba talab etadi. Maydondagi har bir ishchining harakatida bir maqsad mujassam: tabiat in’omini nobud qilmay, undan samarali foydalanish.

Biroq za’faronning haqiqiy mashaqqati gul terilganidan keyin boshlanadi. Chunki gulning o‘zi emas, uning bag‘ridagi uchta nozik qizil tojbargsimon ustuncha – qimmatbaho za’faron ipakchalarki asosiy mahsulot hisoblanadi. Ularni guldan ajratishda qo‘lning yengil harakati ham, ko‘zning o‘tkirligi ham muhim. Bir guldan olinadigan mahsulot miqdori nihoyatda kam. Shu bois bir gramm za’faron ortida qancha gul, qancha fursat va qancha mashaqqat mujassamligini tasavvur qilish qiyin emas.

Ish jarayonining keyingi bosqichida mayda qizil tolalar alohida e’tibor bilan saralanadi. Har bir harakat aniq, har bir amal belgilangan talablarga muvofiq bajarilishi lozim. Mahsulotning sifati, rangi, xushbo‘yligi va saqlanish xususiyatlari aynan shu bosqichlarda asrab qolinadi. Qo‘l mehnatiga tayangan ushbu nozik yumushda beparvolikka o‘rin yo‘q: eng kichik xatoning o‘zi tayyor mahsulot qiymatiga ta’sir qilishi mumkin.

Saralagan za’faron keyingi texnologik jarayonlardan o‘tkazilib, belgilangan talablar asosida quritiladi. So‘ngra mahsulot sifati va xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar inobatga olingan holda tekshiriladi. Fitosanitariya nazoratidan o‘tkazish, xalqaro sertifikatlash talablariga muvofiqligini ta’minlash, nihoyat aniq o‘lchovda tortib, maxsus idishlarga qadoqlash – bularning barchasi za’faronning daladan bozorgacha bo‘lgan yo‘lining muhim qismidir. Shundan keyingina u ichki bozor va eksport uchun tayyor mahsulotga aylanadi.

Demak, bu yerda gap faqat qishloq xo‘jaligi hosili haqida ketayotgani yo‘q. Za’faron yetishtirish – tabiat ne’matini yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotga aylantirish, uning sifatini saqlash va jahon bozori talablariga moslashtirish jarayonidir. Gulni terishdan tortib, tayyor mahsulotni qadoqlashgacha bo‘lgan har bir bosqich ortida inson mehnati, texnologiya va mas’uliyat turadi.
Mavsumning yana bir muhim jihati bor. Za’faronning gullashi Baxmal aholisi uchun qo‘shimcha daromad manbaini ham ochmoqda. Terim va qayta ishlash ishlariga mahalliy aholi, jumladan, mavsumiy ishchilar jalb etilmoqda. Bu esa qishloq sharoitida bandlikni ta’minlash, oila byudjetiga qo‘shimcha mablag‘ kiritish va aholi farovonligini oshirish uchun muhim imkoniyatdir. Ayniqsa, mavsum davomida mehnat qilish orqali daromad topish imkoni ko‘pchilik uchun ayni muddao.
Za’faronning iqtisodiy ahamiyati uning bozordagi qiymati bilangina belgilanmaydi. Uni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha shakllanayotgan tajriba hududda yangi ishlab chiqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va eksportbop mahsulotlar turini ko‘paytirishga ham xizmat qiladi. “BMB Holding” tarkibidagi korxonalar faoliyatida ushbu yo‘nalishning rivojlanishi Baxmalning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Milliy brendning nufuzi esa, avvalo, sifat bilan mustahkamlanadi. Jahon bozorida xaridor topish uchun mahsulotning noyobligi yetarli emas, uning sifati barqaror, ishlab chiqarish jarayoni ishonchli, qadoqlanishi va xavfsizligi belgilangan mezonlarga muvofiq bo‘lishi shart. Za’faronning daladan iste’molchigacha bo‘lgan yo‘lidagi har bir bosqich ana shu talabga xizmat qiladi.
Baxmalda bugun terilayotgan har bir gul ertangi tayyor mahsulotning boshlanishidir. Uning bag‘ridan ajratib olingan har bir nozik tola esa katta mehnatning kichik, ammo qimmatli natijasi. Za’faronning qadrini faqat tarozidagi grammlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi: uning ortida inson qo‘li, sabri, mahorati va iqtisodiy imkoniyat mujassam.
Shu ma’noda, Baxmal za’faroni nafaqat noyob qishloq xo‘jaligi mahsuloti, balki mahalliy bandlikni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va milliy brendni xalqaro miqyosda tanitishga xizmat qiladigan muhim iqtisodiy resursdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri