Bashar Asad sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilindi
Suriyaning Damashqdagi To‘rtinchi jinoiy sudi sobiq rahbar Bashar Asadni insoniyatga qarshi va urush jinoyatida aybdor deb topdi. Sud uni begunoh aholi, jumladan bolalarni o‘ldirishga buyruq berish, qiynoq va noqonuniy qamoq uchun javobgar deya baholadi. Asad sudga kelmagan va sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilingan. Uning ukasi Mohir Asad ham shunday jazoga mahkum etildi.
Basharning ona tomondan qarindoshi Atif Najib ham o‘lim jazosini oldi. U sudda ishtirok etdi va 2011-yil Dara’ shahridagi namoyishni bostirishga rahbarlik qilgani uchun, xususan qotillik, 15 yoshga to‘lmagan bolalarni qasddan o‘ldirish hamda o‘limga olib kelgan qiynoqqa solishda ayblangan. Sudya guvohlar Asad davlat tizimidan jinoyat amalga oshirishda foydalanganini tasdiqlaganini aytdi.
Asad rejimiga qarshi dalillar orasida “Sezar” fotolari ham bor. 55 ming suratda hukumat qamoqxonalarida qiynoq, ochlik yoki qatl oqibatida halok bo‘lgan qariyb 11 000 mahbus aks etgan. 2013-yil Damashq yaqinidagi G‘uta hududida zarin gazi qo‘llangan hujumda taxminan 1 400 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, aholi yashaydigan hududlarga 80 000 dan ortiq bochkasimon bomba tashlangani haqida ma’lumot keltirilgan.
Bashar va Mohir 2024-yil dekabrda muxolifat Damashqqa kirgandan keyin Rossiyaga qochgan. Urush davrida Moskva Asad hukumatiga diplomatik va harbiy yordam ko‘rsatgani, Eron ham yaqin ittifoqchi bo‘lgani aytiladi. Asad rejimi vakillariga qarshi ish boshqa davlatlarda ham ko‘rilgan. Germaniya sudi sobiq razvedka xodimi Anvar Raslonni insoniyatga qarshi jinoyatda aybdor deb topgan. Fransiya sudi esa 2024-yil Suriya razvedkasining uch yuqori lavozimli amaldorini sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA