«Barselona» Vangelis Pavlidisni hujumni kuchaytirish uchun nomzodlar ro‘yxatiga kiritdi
Pavlidisning «Benfika» bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning bozor qiymati 28 million yevroni tashkil etadi.
«Barselona» «Benfika» hujumchisi Vangelis Pavlidisni hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AS nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, gretsiyalik forvard «Atletiko» hujumchisi Xulian Alvares transferi amalga oshmagan taqdirda muqobil variant sifatida qaralmoqda. Aynan Alvares hozircha kataloniyaliklarning asosiy transfer maqsadi bo‘lib qolmoqda.
Qayd etilishicha, klub sport direktori Deku va uning jamoasi Pavlidisning o‘yinlarini kuzatishda davom etmoqda. Biroq transfer bo‘yicha yakuniy qaror Ferran Torresning kelajagiga ham bog‘liq bo‘ladi.
«Barselona» bir vaqtning o‘zida Torres bilan shartnomani uzaytirish va Alvares transferini amalga oshirish ustida ishlamoqda.
Shuningdek, AS nashrining yozishicha, «Benfika» bilan muzokaralar oson kechmaydi. Portugaliya klubi 27 yoshli hujumchini jamoada saqlab qolishni istamoqda va o‘z yetakchilaridan birini osonlikcha qo‘yib yuborishni rejalashtirmayapti.
Pavlidisning «Benfika» bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning bozor qiymati 28 million yevroni tashkil etadi.
Gretsiyalik hujumchi o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, 30 ta gol urdi va 6 ta assist amalga oshirdi.