Barqaror taraqqiyot va ijtimoiy farovonlik asosi
Har bir farovon oila bu kuchli jamiyat va rivojlangan davlatning poydevoridir. Shu nuqtai nazardan, aholi turmush darajasini yaxshilash, ularning daromad manbalarini kengaytirish hamda iqtisodiy savodxonligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ana shunday ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida muhim tashabbuslardan, “Farovon oila” aksiyasi tashkil etildi. Mazkur aksiya O‘zLiDeP tuman Kengashi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi hamkorligida o‘tkazilib, u aholining ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi amaliy platformaga aylandi.

Tadbir tumandagi 1-sonli texnikumda tashkil etilib, unda mutasaddi tashkilotlar, jumladan, tuman hokimligi, “Agrobank” va “Xalq banki” tuman filiallari, shuningdek, soliq organlari vakillari faol ishtirok etdi. Bu esa aksiyaning faqat nazariy emas, balki amaliy ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Tadbir doirasida oilalarning barqaror daromadini ta’minlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda moliyaviy mustaqilligini kuchaytirishga qaratilgan o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yildi. Ushbu kurslar orqali fuqarolarga zamonaviy biznes yuritish asoslari, kredit va subsidiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish, soliqqa oid bilimlarni oshirish bo‘yicha tizimli tushuntirishlar berilmoqda.

“Farovon oila” aksiyasi bu shunchaki tadbir emas, balki aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan izchil siyosatning amaliy ifodasidir. Mazkur tashabbus orqali har bir oilaning iqtisodiy barqarorligi ta’minlanib, pirovardida butun jamiyat taraqqiyotiga mustahkam zamin yaratiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.