Barqaror rivojlanish yo‘lida qanday vazifalar dolzarb?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI)da Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekistonda BRM ko‘rsatkichlari bo‘yicha ijobiy natijalar qayd etilayotgani bilan birga, hal qilinishi zarur bo‘lgan qator vazifalar ham mavjudligi ta’kidlandi.
Xususan, kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2025-yilda 5,8 foizgacha pasaydi, kambag‘al aholi soni esa 6 million nafardan 2,2 million nafargacha qisqardi. Bunda manzilli ijtimoiy siyosat, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va “mahallabay” ishlash mexanizmlari muhim rol o‘ynadi.
Ta’lim va gender tengligi sohalarida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Biroq, ayollar va erkaklarning iqtisodiy faolligi o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolmoqda, ya’ni ayollarda 43-45 foiz, erkaklarda qariyb 70 foiz. Xalqaro mehnat tashkiloti bahosiga ko‘ra, ish haqidagi gender tafovuti ham 25-35 foizni tashkil etadi.
Yoshlar bandligi ham dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Har yili qariyb 600 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib keladi. O‘qimaydigan, ishlamaydigan va kasbiy tayyorgarlikdan o‘tmayotgan yoshlar ulushi 2005-yildagi 25,3 foizdan 2025-yilda 13,7 foizgacha kamaygan. Biroq Mehnat.uz platformasidagi rezyumelar tahliliga ko‘ra, yoshlarning 69,1 foizi ish tajribasiga ega emas.
Raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. O‘zbekistonning sun’iy intellektga tayyorlik ko‘rsatkichi 2020-yildagi 95-o‘rindan 2025-yilda 62-o‘ringa ko‘tarildi. Kelgusida hisoblash quvvatlari va texnologik infratuzilmani yanada rivojlantirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
“Yashil” iqtisodiyot yo‘nalishida 2016-2025-yillarda elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvati qariyb ikki baravar oshib, 26,9 GVtga yetdi. Shundan 7,6 GVt yoki 28,2 foizi quyosh va shamol generatsiyasi hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi yillarda energetika sohasiga qariyb 23 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi.
Seminarda xalqaro BRM ko‘rsatkichlarini baholashda statistik ma’lumotlarning kechikib yangilanishi masalasiga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, “Sustainable Development Report 2026” hisobotida O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha ko‘rsatkichi 2022-yil ma’lumotlari asosida baholangan. Shu sababli, keyingi yillarda energetika sohasida amalga oshirilgan o‘zgarishlar xalqaro indikatorlarda hali to‘liq aks etmagan.
Tadbir yakunida BRMga erishishda ishonchli statistika, ilmiy tadqiqotlar, dalillarga asoslangan qarorlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini muntazam baholab borish muhimligi ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA